Dehqon ham, xaridor ham xursand
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami oldidan aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida Xorazm viloyati shahar va tumanlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami oldidan aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida Xorazm viloyati shahar va tumanlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.Prezidentimizning 2015-yil 17-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat hokimligi tomonidan dehqon bozorlarida mahsulot yetishtiruvchilar uchun yaratilgan sharoit, oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish choralari o‘rganilib, bu borada xaridor va sotuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratishga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqildi.
Urganch shahridagi markaziy dehqon bozorida asosiy rastalarning bir qismi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirilgan. Bu yerda fermer xo‘jaliklari va savdo korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari aholiga arzon narxlarda sotilmoqda. Barcha savdo rastalari terminallar bilan ta’minlangan. Bundan xaridorlar ham, mirishkorlar ham xursand.
– Bugungi kunda bozorlarimizdagi obodonlashtirish tadbirlari, sanitariya holati, mahsulotlar narxi va sifatidan barcha mamnun, – deydi mehnat faxriysi Oysara Eshchonova. – Ayniqsa, fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan noz-ne’matlarni ularning o‘zlaridan arzon narxlarda sotib olish imkoniyati mavjudligi bizga juda manzur bo‘lmoqda.