Degradatsiyaga uchrayotgan yaylovlar: global muammo va milliy yechimlar
Har yili 17-iyun sanasi dunyo bo‘ylab Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Ushbu sana tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yerlar degradatsiyasining oldini olish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratishga xizmat qiladi.
Joriy yil mazkur kun “Yaylovlar: e’tirof eting. Qadrlang. Tiklang” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu esa dunyodagi eng katta, ammo eng kam e’tibor qaratiladigan ekotizimlardan biri bo‘lgan yaylovlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Yaylovlar nega muhim?
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yaylovlar Yer quruqlik maydonining yarmidan ko‘prog‘ini egallaydi. Ular nafaqat chorvachilik va qishloq xo‘jaligi uchun ozuqa bazasi, balki bioxilma-xillikni saqlash, suv aylanishi jarayonlarini ta’minlash hamda atmosferadagi uglerod miqdorini muvozanatlashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab qariyb ikki milliard insonning turmush tarzi va daromadi bevosita yaylovlar bilan bog‘liq. Shu sababli ushbu hududlarning holati oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslari va ijtimoiy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Degradatsiya xavfi kuchaymoqda
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining qisqarishi, yerlardan noto‘g‘ri foydalanish va aholi sonining ortishi natijasida yaylovlar holati tobora yomonlashmoqda. Xalqaro baholashlarga ko‘ra, dunyodagi yaylovlarning yarmigacha bo‘lgan qismi degradatsiyaga uchragan yoki shunday xavf ostida qolmoqda.
Bu jarayon tuproq unumdorligining pasayishi, o‘simlik qoplamining kamayishi, cho‘llanish jarayonlarining tezlashishi hamda aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, qurg‘oqchil iqlim sharoitiga ega mamlakatlar uchun bu masala dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston tajribasi va amaliy qadamlar
O‘zbekistonda ham cho‘llanish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Keyingi yillarda mamlakatda atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakat bo‘ylab yashil hududlar maydonini kengaytirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash hamda cho‘llanish jarayonlarini cheklashga xizmat qilmoqda. Ushbu tashabbus xalqaro maydonlarda ham yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University” negizida Markaziy Osiyo mintaqaviy cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ham bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Markaz ilmiy tadqiqotlar, innovatsion yechimlar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Barqaror kelajak uchun hamkorlik zarur
Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish faqat ekologik masala emas. Bu iqtisodiy taraqqiyot, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va ijtimoiy barqarorlik bilan ham uzviy bog‘liq.
Muammoni hal etish uchun yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, qurg‘oqchilikka tayyorgarlik choralarini kuchaytirish, mahalliy aholi ishtirokida yerlarni tiklash dasturlarini kengaytirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, tabiiy resurslarni asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun barqaror muhit yaratish borasidagi mas’uliyatni yana bir bor eslatadi. Yaylovlarni muhofaza qilish va tiklash esa bu yo‘ldagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA