Daxlsizlik – sudya mustaqilligining muhim kafolati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Sudyalarni majlisga chaqirish, vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim idoralar tomonidan sudga ta’sir o‘tkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani ma’lum qilindi. “Barcha rahbarlarni qat’iy ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanadi. Bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘ladi”, dedi Prezident.
Sud organlari hamda sudyaning davlat va jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish bevosita uning mustaqilligi va daxlsizligi bilan chambarchas bog‘liq. Aslida qonun ustuvor bo‘lgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatida sudyaning mustaqilligi va daxlsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan voqea-hodisalar yoki boshqa omillar umuman bo‘lmasligi kerak.

Shubhasiz, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi qonun bilan kafrlatlanadi. Shuning uchun ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplari”da sud organlarining mustaqilligi va daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishi uchun har bir mamlakatning Konstitutsiyasi hamda qonunlarida mustahkamlanib qo‘yilishi lozimligi alohida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lmasligi nazarda tutilgan.
Shuning uchun sudya – har bir muayyan ish bo‘yicha barcha javobgarlikni va mas’uliyatni zimmasiga olishga majbur. Tashqi kuchlar, qandaydir asossiz gap-so‘zlardan yoki biron-bir davlat organi mansabdor shaxsining noqonuniy ko‘rsatmasidan qo‘rqib, ularga yon berishi mutlaqo noto‘g‘ri. Davlatimiz rahbarining “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak... O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”, degan fikrlari barcha sudyalarga juda katta mas’uliyat yuklashini yurakdan his qilish lozim.
Sud faoliyatiga aralashish sudyaning muayyan ish bo‘yicha xolis va odil sudlovni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida unga ta’sir ko‘rsatishning har qanday shaklidir. Bunday aralashish turlari, xususan, shaxsning sud muhokamasining muayyan ishtirokchisi foydasiga qaror qabul qilish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma yoki bilvosita iltimosi, sudyani ma’lum bir qaror qabul qilishga majbur qiladigan shart-sharoitlarni ataylab yaratish va boshqa shunga o‘xshash harakatlar o‘z ichiga olishi mumkin.
Bu esa sudyalarning mustaqilligiga ta’sir o‘tkazilishini anglatadi va javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun aybdor jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bunday normaning paydo bo‘lishi odil sudlov manfaatlarini himoya qilishning ma’lum kafolatlarini berdi, chunki uning samaradorligi nafaqat sudning o‘zi tomonidan normalarni amalga oshirishga, balki boshqa sub’ektlarning u bilan qanday munosabatda bo‘lishiga ham bog‘liq.
Sudya odil sudlovni amalga oshirishda va protsessual bo‘lmagan munosabatlarda o‘zining mustaqilligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdid va tazyiqlardan huquqiy himoyalanishiga, har qanday sud ishini ko‘rishda, dalillarni baholashda va qonunni qo‘llashda o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ishonch hosil qilishi kerak.
Keyingi yillarda sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini samarali ta’minlashning huquqiy kafolatlar yanada kuchaytirildi. Xususan, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Sudyalar oliy kengash raisi tomonidan prokuraturagataqdimnoma kiritilishi, sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo‘yicha axborot taqdim etib borish amaliyotlari joriy qilindi.
Sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish belgilangan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, sudyaning daxlsizligi va sud ishlarini hal qilishga aralashganlik holatlari aniqlangan paytda sudyaning zudlik bilan Sudyalar oliy kengashiga xabar berishi, agar sudya tomonidan berilgan bunday xabar sudyalar malaka hay’atlariga kelib tushgan bo‘lsa, tegishli sudyalar malaka hay’ati darhol bu haqda Sudyalar oliy kengashini xabardor qilishi shart.
Daxlsizlik – sudya mustaqilligining muhim kafolati bo‘lib, uni odil sudlovni har qanday tazyiq va tahdidsiz amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Daxlsizlik sudyaning shaxsiy imtiyozi emas, balki jamiyat manfaatlari va avvalambor odil sudlov manfaatlarini himoya qilish vositasi bo‘lib, uni asossiz ta’qibdan muhofaza qilishga, sud hokimiyati faoliyatini to‘siqsiz amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan.
Sud hokimiyatining mustaqilligi, sudyalar daxlsizligi bu - ijtimoiy zaruriyat bo‘lib, fuqarolik jamiyatining eng muhim talabi hisoblanadi. Zero, sudyalaring mustaqil va xolis, faqat qonunga bo‘ysungan holda faoliyat yuritishidan barcha birday manfaatdor.
Malikaxon Kalandarova ,
Sudyalar oliy kengashi a’zosi,
O‘zbekiston Sudyalar klubi raisi