"Davr nafasi"da yuksak ma’naviyat egalari...
Ota degan tushuncha inson tarbiyasining ma’naviy yuksalish pog‘onasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi, bu – ayni haqiqatdir. Men turfa taqdirlar haqidagi ocherklarni o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimda nuqul o‘z otam gavdalandi.
"Davr nafasi" – muallif Gulchehra Mirzayeva o‘zining ilk ijodiy to‘plamini shunday nomlabdi. Uning qahramonlari bilan tanishar ekansiz, bu yorug‘ dunyoda yaxshi otalar bir xil bo‘ladi, degan fikrga kelasiz.
Muallif o‘zining mazkur ocherklar to‘plamiga eng munosib yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini mavzu qilib kiritgan. Uning qahramonlari siz va biz singari oddiy mehnat kishilari. O‘z orzu va maqsadlari ro‘yobi yo‘lidagi halol mehnatlari tufayli millionlab odamlar nazariga tushgan, ko‘plarning havasini keltirib yashayotgan, ijod qilayotgan yaratuvchanlik va bunyodkorlik bilan millatimiz sha’nini yuksaklarga ko‘tarayotgan bugungi kun odamlari.
Chindan ham ular sizu bizning ko‘z o‘ngimizda mo‘’zija yaratmoqdalar. Ularning ongu-shuuri, oltin qo‘llari va benazir iqtidori sabab bunyodga kelayotgan noyob san’at asarlari, jilokor matolar, ko‘rgan ko‘zlarni qamashtirib, havaslarimizni orttirayotgan zamonaviy temir yo‘llari, baxt qasriga qiyos etgulik shinam va ko‘rkam binolar, tekis ravon yo‘llar bu barchamizning faxru iftixorimizdir.
Shunday yutuq va muvaffaqiyatlarni e’tirof etmoq va ularni shonli tariximiz zarvaraqlariga muhrlab qo‘ymoq bir faxrimizga yuz faxr qo‘shmaydimi?
Qolaversa, muallifning mazkur kitobi va undagi qahramonlarning hayotiy saboqlari bugun aqlini tanib, ertaga mana shu aziz vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lishga, yurtning har bir topshirig‘iga labbay deb javob berishga shay turgan kelajak avlod uchun ibrat maktabi bo‘lsa, ajab emas.
Ezgu amal bokira orzu havasdan boshlanadi. Orzular esa qat’iyatli aniq maqsadlarga xizmat qiladi. Jurnalist Gulchehra Mirzayeva orzulari beg‘ubor, maqsadlari ulkan bajarayotgan ishlari beg‘araz, elga nafi tegayotgan yurtdoshlarimiz orasidan o‘zining ilk kitobi qahramonlarini yaratdi.

Ular barcha tanigan, hamma bilgan, ko‘plarning havasini keltirgan va sizu bizning orzumizga aylanib ulgurgan odamlar, dunyoga O‘zbekiston atalmish jannatmakon yurt dovrug‘ini munosib tarzda tanitayotgan olimu ziyolilar, san’atimiz va adabiyotimiz fidoyilari, qo‘li gul hunarmandlar, usta naqqoshlar, bunyodkor quruvchilar va mirishkor dehqonlar.
Sizu bizning bu yorug‘ dunyoga kelishimiz shunchaki tasodif emas. Xar birimiz qaysidir vazifani bajarish uchun tug‘ilganimiz rost va yana shu haqiqatki, har birimiz hayot va mehnat faoliyatimiz davomida bir-birimizga uzviy bog‘liqmiz. Mazkur ko‘rinmas rishtani anglash va tushunish baxtini his etish uchun bizdan talab etiladigani bitta. Bir-birimizga ishonish, birodarimizni qo‘llash, shirin so‘z va pok niyatlarimizni ezgu amallar yo‘lida sarflab atrofimizdagi yaxshi insonlarni borida qadrlash. Oddiy ijodkor ayolning mazkur ko‘ngil mulki ana shunday ezgulikning bir debochasi xolos.
U yaxshi odamlarning ezgu xislatlari, otalardan farzandlarga meros bo‘lib o‘tadigan bebaho ko‘ngil mulkini qalamga olgan muallif dadillik bilan ularni O‘zbekistonimizning ma’naviy milliarderlari deb ataydi.
Zero shunday, mamlakatimizning bugungi qahramonlarini dunyoda tengi yo‘q boylik, yuksak ma’naviyat egalari deb atashga mutlaq haqlimiz.
Jamol Jalolov, Nizomiy nomidagi TDPU professori