Davlatimizning yuksak mukofotlari topshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Bugun, 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz yig‘ilganlarni, ularning timsolida joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etdi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning natijalari ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlandi.
[gallery-3656]
–Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar dunyo miqyosida ham katta e’tibor va qiziqish uyg‘otmoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishga erishgan sanoqli davlatlar qatorida e’tirof etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirmoqda. Biz barcha sohalarda qanday yutuqlarga erishayotgan bo‘lsak, ularni faqat va faqat o‘z mehnatimiz bilan qo‘lga kiritmoqdamiz. Sizlar erishayotgan yutuq – xalqimizning yutug‘i, butun O‘zbekistonimizning yutug‘i, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA