Davlatimiz rahbari Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Bugun terma jamoamiz bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani qayd etildi.
2006-yilda Germaniyada o‘tkazilgan mundialda Kannavaro sardorlik qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgan. O‘sha yili Kannavaro dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etilgan va futbol tarixida “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan kam sonli himoyachilardan biriga aylangan.
Yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiylarni, shifokor, nutritsiolog va oshpazlarni olib kelgani hamda xalqaro tajribaga ega yaxshi jamoani shakllantirgani ta’kidlandi.
–Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA