Davlat-xususiy sheriklik tamoyillari – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2020-2021 yillarda davlat-xususiy tamoyillari qoidalari va tartib-taomillari asosida 29 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan ish olib borilmoqda.
Shundan 10 tasi klaster tizimida faoliyat yuritib kelayotgan xo‘jaliklar bilan amalga oshiriladi. Ulardan 5 tasi yakunlandi, qolgan 5 tasi joriy yil yakunida tugallanadi. Shuningdek, 2021 yilda 9 ta loyihani boshqa yuridik shaxslar bilan va 1 ta loyihani xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan “Suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyillari asosida 2020 yilda 5 ta, 2025 yilgacha 25 ta va 2030 yilgacha 50 ta loyihani amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Ta’kidlanishicha, belgilab qo‘yilgan mazkur vazifalardan kelib chiqib, suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xo‘jaligi ob’ektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish, tejalgan mablag‘larni suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish hamda xodimlar mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirishga yo‘naltirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
DXSH bo‘yicha dastlabki loyihalar allaqachon samarasini bera boshladi. Xususan, joriy yil iyun oyida Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi bilan “Sirdaryo meliorativ qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan qiymati 9 milliard so‘mlik DXSH bitimi bo‘yicha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 1,5 milliard so‘mlik vositalar keltirilgan. Beton zavodi, beton qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda texnikalarni ta’mirlashni yo‘lga qo‘yish natijasida 50 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 27 oktyabrda Chirchiq – Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini “TCT AGRO CLASTER” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga DXSH asosida boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi.Ushbu loyiha bo‘yicha barcha tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi.
Bir qator loyihalar yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumani irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari hamda nasos stansiyalarini, Toshkent viloyati nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tarkibidagi “Xondayliq”, “Soyliq-1”, “Soyliq-2” nasos stansiyalarini DXSH asosida boshqaruvga berish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Tolquduqqum” nasos stansiyasini DXSH asosida boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha konsepsiya tasdiqlangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA