Davlat xizmatlari olis qishloqlarga ham yetib bordi
Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Huquqiy axborot kunlari” loyihasi doirasida “Huquqiy aksiya” o‘tkazilib, soha vakillari Nurota tumanining olis “Cyentob” qishlog‘ida bo‘lishdi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari Nurota tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Joriy yilning 6 oyi mobaynida tuman adliya bo‘limi tomonidan 300 ga yaqin fuqaro murojaatlari qabul qilinib, ularning 200 tasi ijobiy hal etilgan, 92 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 8 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlariga yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, yuridik xizmat ko‘rsatish markaziga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kelib tushgan 5000 dan ortiq hujjatlar qonun talablari asosida ekspertizadan o‘tkazilgan. Tuman Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlarga 9 mingan ortiq, shuningdek, 37 marotaba olis hududlarga sayyor davlat xizmati ko‘rsatilgan.

"Sentob" qishlog‘i tuman markazidan qariyib 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerning tabiati, havosi o‘zgacha. Shu bois, hududda ekoturizm rivojlangan. Har bir ko‘chada alohida mehmon uylari mavjud. Hudud ahli asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Aksiya doirasida qishloq aholisining FHDYO va davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganildi va joyida xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, aholi uy kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, nikoh va tug‘ilganlik guvohnomalarini olish, elektron imzo va boshqa turdagi davlat xizmatlaridan foydalandilar.
– Qishlog‘imizda "ZAGS"dan o‘tish birinchi marta shu tartibda amalga oshirildi. Chunki bu jarayonni avval ko‘rmaganman. Biz bilan birga yana ikki oila nikohdan o‘tdi. Qishloqni o‘zida nikoh guvohnomasining keltirilib berilishi oila iqtisodi uchun yengillik va bu zo‘r imkoniyat, – deydi Dildora Suvonova.

Aksiya doirasida 3 nafar fuqaro tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 5 nafar fuqaro va tadbirkorga kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Sayyor xizmat jarayonida 30 ga yaqin davlat xizmati ko‘rsatildi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri