Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Adliya vaziri o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Xudoyor Meliyev, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Sherzod Majidov, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining katta o‘qituvchisi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Vosid Usmonov, viloyat sektorlari rahbarlari hamda shahar, tuman hokimlari qatnashdi.
Davlat xizmatchilari mehnat qilayotgan idorada ichki mehnat tartib qoidalariga o‘zgartirish kiritish va uni Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga muvofiqlashtirish, barcha xodimlarni odob-axloq qoidalari bilan tanishtirish, odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi zarurligi ta’kidlandi.
[gallery-9671]
Seminarda jamoatchilik vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda odob-axloq qoidalariga rioya qilish va uning ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini oldini olish masalalarida alohida e’tibor berildi.
– Davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerak, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Anvar Rahmatov o‘z ma’ruzasida. –Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi ommaviy bayonotlar faqatgina davlat organlari va tashkilotlari rahbari yoki mazkur yo‘nalish bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbir so‘ngida tadbir ishtirokchilarning savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA