Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari
Davlat fuqarolik xizmati tizimini isloh qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish davlat boshqaruvini samarali tashkil etishning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
2022 yilning 8 avgust kuni “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 oktyabrdagi qarori bilan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” tasdiqlandi.
Mazkur qaror davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

bugungi kunda viloyat Adliya boshqarmasi bilan birgalikda davlat xizmatchilari o‘rtasida qonun va qaror mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishdir.
Seminarlar davomida ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari xulq-atvorining umumiy qoidalari, kasbiy madaniyatga oid odob-axloq qoidalari, xizmatni o‘tash va boshqa vaqtda odob-axloq qoidalari, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari, shuningdek, rahbar xodimlarning majburiyatlari atroflicha tushuntirib berilmoqda.

Qonunning “Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” deb nomlangan 4-bobi 17-moddasida Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarida qanday talablar belgilanishi mustahkamlab qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik tahlilidan ma’lumki, davlat xizmatchisining odob-axloqi korrupsiyaga qarshi kurashning muhim vositasi hisoblanadi.
Buni O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni normalaridan ham anglash mumkin. Masalan, qonunda davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, unda davlat organlari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalarini samarali amalga oshirish belgilangan. Odob-axloq qoidalarida davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatida amal qilishi shart bo‘lgan prinsiplar, majburiyatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular davlat xizmati sohasida bevosita va bilvosita korrupsiyaviy holatlarni oldini olishga yo‘naltirilgan.
Albatta, har qanday normativ-huquqiy hujjatning amaliyotda ishlashi uning ishlash mexanizmi qanchalik ta’minlanganligiga bog‘liq. Odob-axloq namunaviy qoidalarida ushbu qoidalarni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida bob mavjud bo‘lib, unda qoidalarning samarali ijrosi va nazoratini ta’minlashga qaratilgan normalar kiritilgan. Ya’ni, davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun mazkur qoidalarni buzilishi esa ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Muloqotlar davomida mavzuga oid maxsus videoroliklar namoyish etilib, ma’ruzalar taqdimot ko‘rinishida yoritib berilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Davlat xizmatchilari xizmatdan tashqari vaqtlarda ham umum qabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid bo‘lgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari shart.
Darhaqiqat o‘zini nimalardandir cheklay olgan, o‘ziga taqiq qo‘ya olgan va o‘zini qaysidir ezgu ishga majbur qila olgan inson – madaniyatli shaxs. Agar inson o‘z oldiga muayyan taqiq va vazifa qo‘ya oldimi, demak u turli nopok ishlarga aralashmaydi.
Qonunga itoatkor odam – madaniyatli odam. Bunday insonlarning hayot tamoyilida ezgulik, bunyodkorlik, halollik, adolat ustuvor bo‘ladi. Aslida ana shunday insoniy aqida har bir davlat xizmatchisi faoliyatida namoyon bo‘lishi lozim.
Bu jihat har bir xodimning muomalasidan tortib, yurish-turishida, ish faoliyatida qat’iy dastur bo‘lishi kerak.
Chunki axloq insonning shaxsiy qadriyati sifatida uning faoliyatiga ko‘chadi va uni samarali qiluvchi kuchga aylanadi. Shundagina haqiqiy davlat xizmatchisi xalqning ma’naviy xaloskori bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi.
Abror Latipov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Navoiy viloyat filiali bosh inspektori.
O‘zA