Davlat xaridlari deputatlar muhokamasida
Buxoroda davlat xaridlari shartnomalarini sun’iy ravishda qismlarga bo‘lib savdoga qo‘yish, boshlang‘ich narxdan yuqori narxda xarid qilish bilan bog‘liq xato va kamchiliklarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, viloyat, tumanlar va shaharlar studiyalaridan deputatlar, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar Kengashlari kotibiyati mudirlari hamda mahalliy Kengashlarning mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari qatnashdi.
Seminar tarzida tashkil etilgan davra suhbatini Senat a’zosi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakili Abira Huseynova olib bordi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari – davlat xaridlari departamenti boshlig‘i Sarvar Nazarov davlat xaridlariga oid masalalar yuzasidan tushuntirish berdi.

Ta’kidlanishicha, “Davlat xaridlari to‘g‘risida” gi qonunda davlat xaridlariga oid asosiy tushunchalar hamda davlat xaridlari tizimining huquqiy jihatlari, asosiy prinsiplari ochib berilgan. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilanib, unga davlat xaridlari bo‘yicha qator vakolatlar berilmoqda.
Elektron do‘kon orqali xarid qilish, elektron do‘konning ish tartibi va undan foydalanishga oid masalalar batafsil yoritilgan. Auksion orqali xaridlarni amalga oshirishning barcha jarayonlarini tartibga soluvchi qoidalar aks etgan. Davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni o‘tkazish mezonlarining aniq belgilab qo‘yilgani ham muhim ahamiyatga ega. Bunda xarid komissiyasining faoliyati, tanlov va tender o‘tkazish uchun e’lonlar, ularda ishtirok etish uchun takliflarni berish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha shartnomalarni tuzish tartibi nazarda tutilgan.
Davlat xaridlarida mamlakatimiz tadbirkorlik sub’ektlari uchun yengilliklar va ularni qo‘llash tartibi keltirilgani alohida e’tiborga molik. Xarid qilish tartib-taomillarining davlat va jamoatchilik nazorati, xaridlar samaradorligining tahlili orqali davlat xaridlarini monitoring va nazorat qilishga ahamiyat berilgan. Shuningdek, xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini ro‘yobga chiqarish orqali amalga oshiriladi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga belgilangan tartibda javob berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA