Davlat ramzi tovar belgisi emas
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat sifatida qonun bilan tasdiqlangan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi, va madhiyasiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddas bo‘lib, ularni har qanday yo‘l bilan tahqirlash qonun bilan javobgarlikka tortiladi.
“Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Aniq.uz sayti tomonidan italiyalik dizayner Stefano Richchi O‘zbekiston uchun kolleksiya yaratdi maqolasida (https://aniq.uz/yangiliklar/uzbekiston-gerbi-va-bayrogi-tushirilgan-krossovka-ishlab-chiqarildi-narxini-bilasizmi-foto) ta’kidlanishicha, ya’ni Stefano Richchi tomonidan yaratilgan oyoq kiyimlarida O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i tasvirlangan.
Adliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari – bayroq va gerbga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat muassasalarida davlat ramzlaridan foydalanishda huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan.
O‘rganish davomida 363 holatda “Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi aniqlangan.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan shahar hamda tuman miqyosidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 103 taqdimnoma hamda 70 qonun hujjati buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohnoma, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida 49 taklif yuborilgan.
Natijada 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 huquqbuzar ma’muriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.
N.Abduraimova, O‘zA