Davlat rahbari xalqdan uzr so‘radi
Hukmdorlarni kamida panjara ortiga jo‘natish an’anaga aylangan Koreya Respublikasida bugun yana bir prezidentning taqdiri hal bo‘ladi.
Mamlakat yetakchisi Yun Sok Yol seshanba kuni harbiy holat e’lon qilgani uchun uzr so‘radi va bunday harakatni boshqa takrorlamasligini aytib, xalqi oldida bosh egdi. Darhaqiqat, Yunning kutilmagan qarori nafaqat fuqarolar, balki parlament a’zolarini ham ”shok”ka tushirgani rost. O‘sha kuni qonunchilar harbiy holat tartibini tezda bekor qildi. Bugun esa muxolifat Yunga impichment bo‘yicha ovoz berishi rejalashtirilgan.
Parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi koalitsiya unga impichment e’lon qilishi uchun Yunning partiyasidan atigi sakkiz nafar a’zo bo‘lishi kifoya.
Prezident kecha parlamentga tashrif buyurishi kerak edi, biroq uni to‘xtatish uchun "jonli devor" hosil qilgan muxolif deputatlar noroziligi tufayli fikridan qaytdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA