Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
Surxondaryo viloyati hokimligida Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami arafasida davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan bir guruh yurtdoshlarimizga ana shu mukofotlarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.


–Beqiyos o‘zgarishlarga yuz tutayotgan viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda har biringizning munosib hissangiz bor,–¬dedi marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov.–Sanoat, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarning izchil rivojlanishida fidoyilik namunalarini ko‘rsatmoqdasiz. Ana shunday jonkuyarligingiz va zahmatli mehnatingiz bilan eng qutlug‘ bayramimiz arafasida davlatimiz rahbari e’tirofi va elimiz olqishiga sazovar bo‘ldingiz. Bunday e’tibor va ishonch bilan sizlarni tabriklab, kelgusi ishlaringizga ham omad, xonadoningizga fayz tilayman.


Tadbirda Ulug‘bek Qosimov davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan 16 nafar turli soha vakillariga unvon, orden va medallarni tantanali topshirdi.
Tantanali marosimda mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar yuksak e’tirof va e’tibor uchun cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri