Davlat islohotlarini amalga oshirishda NNT roli
Nukusda “Davlat islohotlarini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli” mavzusida jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasida “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan joriy etilgan “Faol fuqarolar haftaligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda islohotlarni amalga oshirish jarayonida fuqarolik institutlarining, ayniqsa, NNTlarning roli kuchaymoqda. Yildan-yilga NNTning muhim ijtimoiy-iqtisodiy, Davlat dasturlarini ishlab chiqish va takliflar kiritish, Davlat dasturidagi maksad-vazifalarni amalga oshirishdagi ishtiroki oshib bormoqda. Ularning ehtiyojlari tizimli tahlil qilinayapti, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmoqda.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli, ijtimoiy faolligini oshirish, aholini davlat va jamoat ishlarini boshqarishga faol jalb etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, tegishli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etish va amalga oshirishda samarali qarorlar qabul qilishning muhim sharti hisoblanadi.
Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlari tashkil etilib, tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jamoatchilik muhokamasida “Islohotlarni amalga oshirish jarayonida davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish”, “NNT faoliyati faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini olib borishni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish”, “Hunarmandchilik sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish” va “Nogironlarning huquqlari va real hayoti” mavzularda fikr-mulohazalar bildirildi.
“Faol fuqarolar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan bir guruh nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan rag‘batlantirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA