Davlat ishonchiga xiyonat
Davlat xizmati — xalq ishonchini oqlash, qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirishga xizmat qiladigan eng mas’uliyatli sohalardan biri. Ayniqsa, Majburiy ijro byurosi davlat va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, sud qarorlarining so‘zsiz ijro etilishini ta’minlashdek muhim vazifani bajaradi. Biroq ana shunday yuksak ishonch bildirilgan ayrim mansabdorlarning qonunni chetlab o‘tishi nafaqat davlat manfaatiga, balki yuzlab insonlarning haq-huquqiga ham jiddiy zarar yetkazadi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ko‘rilgan navbatdagi jinoyat ishi ham aynan shunday holatlardan biri sifatida jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Sud hujjatlariga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Qorako‘l tumani bo‘limining sobiq davlat ijrochisi N.B. xizmat vakolatidan foydalanib, fuqarolar va tashkilotlardan undirilgan mablag‘larni davlat hisob raqamiga o‘tkazish o‘rniga, ularni o‘z manfaati yo‘lida sarflab kelgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudida ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, ayblanuvchi soliq qarzdorligi, aliment, bank kreditlari, davlat boji, ijro yig‘imi hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlardan naqd mablag‘larni qabul qilgan. U rasmiy hujjatlarda pullar MIBning depozit hisob raqamiga kiritilgani haqida dalolatnomalarni rasmiylashtirgan bo‘lsa-da, amalda ushbu mablag‘larni davlat xazinasiga o‘tkazmagan. Natijada pullar davlat hisob raqamiga emas, uning shaxsiy manfaatlariga xizmat qilgan.
Eng hayratlanarlisi, jinoyat ishida bunday qonunbuzilishning 76 ta alohida epizodi qayd etilgan. Bu esa gap tasodifiy yoki bir marta sodir etilgan xatolik haqida emas, balki ma’lum vaqt davomida takrorlanib kelgan noqonuniy harakatlar haqida borayotganini anglatadi.
Ish materiallarida keltirilishicha, eng yirik o‘zlashtirilgan mablag‘lar orasida fermer xo‘jaligining soliq qarzi uchun qabul qilingan 18,4 million so‘m, aliment to‘lovlari bo‘yicha 17 million va 14 million so‘m, bank kreditlari hamda boshqa qarzdorliklar bo‘yicha 11 million, 9,5 million, 9 million, 7,87 million, 7,45 million, 7,12 million va 6 million so‘mlik mablag‘lar mavjud. Shuningdek, 500 ming so‘mdan boshlab bir necha million so‘mgacha bo‘lgan o‘nlab mablag‘lar ham davlat hisob raqamiga yetkazilmagan.
Jabrlanuvchilar ro‘yxati ham juda keng. Ular orasida oddiy fuqarolar, aliment undiruvchilar, fermer xo‘jaliklari, bank muassasalari, soliq organlari hamda kommunal tashkilotlar bor. Demak, bitta mansabdorning noqonuniy harakati bir vaqtning o‘zida davlat manfaatiga ham, tadbirkorlik sub’ektlariga ham, eng muhimi, o‘z haqini kutayotgan oddiy insonlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Sud barcha dalillarni har tomonlama o‘rganib, N.B.ni aybdor deb topdi. Hukmga muvofiq, unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u muayyan muddat davlat organlarida moddiy javobgarlik va mansab vakolati bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi.
Bu ish yana bir muhim haqiqatni isbotladi: davlat xizmatida ishonch eng katta boylik hisoblanadi. Qonun ijrosini ta’minlashi lozim bo‘lgan shaxsning o‘zi qonunni buzsa, bu nafaqat moliyaviy zarar, balki davlat idoralariga bo‘lgan ishonchga ham jiddiy putur yetkazadi.
So‘nggi yillarda korrupsiya va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qarshi kurash keskin kuchaytirilgani bunday ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ilgari yashirin qolishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar bugun aniqlanmoqda, aybdorlar esa qonun oldida javob bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri