Davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 noyabrdagi qarori bilan “Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, endilikda tuman (shahar) va hududiy darajalarda – aholining barcha toifalariga, respublika darajasida – imtiyozli bemorlarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma asosida yordam ko‘rsatiladi.
Shuningdek, bemorlar tibbiy yordam olish uchun o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi. Oilaviy shifokor tomonidan tekshiruv o‘tkaziladi va zarurat bo‘lsa, tor soha mutaxassisiga yo‘naltiriladi.
Tor soha mutaxassisi bemorni 1 ish kuni ichida amaldagi klinik protokollar va davolash standartlariga muvofiq ko‘rikdan o‘tkazadi. Agar bemorga statsionar sharoitda davolanish zarur bo‘lsa, oilaviy shifokor yoki mutaxassis tomonidan axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.
Respublika darajasida yo‘naltirilgan bemorlar bo‘yicha tibbiy-tanlov komissiyalari 2 ish kuni ichida elektron tizim orqali xulosa taqdim etadi.
Yangi tartib tibbiy yordamga bo‘lgan shaffoflik va teng imkoniyatlarni ta’minlashni ko‘zda tutadi.
O‘zA