Davlat fuqarolik xizmati: amaliy ishlar samaralari
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish, inson resurslarini rivojlantirish, kadrlarni tanlash, davlat organlari va tashkilotlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi.
Davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portal — vacancy.argos.uz ishlab chiqilishi yuqorida aytilgan islohotlarning asosiy mexanizmi bo‘ldi.
Ochiq mustaqil tanlovlarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda amaliyotga joriy etilishi esa jarayonlarda inson omilining ishtirokini kamaytirib, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga va tanlovlarning o‘tishida shaffoflikni ta’minlanishga, shu jumladan, nomzodlarning eng munosibi tanlanishiga xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 37-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar. Davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanadi”, deb yozib qo‘yilgan.
Birgina, 2021-2022 yillar davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan vakant lavozimlar uchun 140 ming 700 ta tanlov e’lon qilingan bo‘lsa, ushbu tanlovlarda 1,3 million nafardan ziyod nomzod ishtirok etgan va ularning 45 349 nafari tanlov g‘olibi sifatida vakant lavozimlarni egallagan.
Bugungi kunga qadar 1 million 473 ming 762 nafar nomzod vakant lavozimlar ochiq tanlovlarida qatnashdi va ochiq mustaqil tanlovlar orqali 47 ming 802 nafar nomzod davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi. Ayni paytda portalda 306 mingdan ziyod fuqaroning ma’lumotnomasi shakllantirildi.
Davlat xizmatiga munosib kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida saralab olish tizimi joriy qilinishi bir tomondan, nomzodlar uchun ochiqlik va shaffoflikni ta’minlasa, boshqa tomondan korrupsion holatlarni oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Har qanday davlat o‘z kelajagini, eng avvalo, kadrlar salohiyati bilan belgilaydi. Boshqaruvda kadrlarni ularning malakasi va xulq-atvoriga qarab to‘g‘ri tanlash har bir davlat tashkiloti faoliyati samaradorligi va maqomini oshirishning asosiy omilidir.
Muzaffar Turdimov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Navoiy viloyati filiali Kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi bosh inspektori
O‘zA