Davlat dasturi mamlakat rivojiga xizmat qiladi
O‘zbekistonning muhim istiqbolli dasturi, davlat inson uchun degan tamoyil ilgari surilgan, mamlakat rivojlanishini yangi bosqichga olib chiquvchi, xalqchil, tarixiy hujjat Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlangan edi. Shu asosda har yili strategiyani amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi tasdiqlanadi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ham 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish taklif qilindi.
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturini qabul qilish bo‘yicha Prezident farmoni hamda unga ilova qilib 7 yo‘nalish, 100 ta maqsad va 309 ta banddan iborat “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi loyihasi e’lon qilindi.
Yil nomiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”. Umuman mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim sifatini oshirishga juda katta e’tibor qaratilyapti. Buni raqamlarda, erishilgan natijalarda ko‘rishimiz mumkin. Birgina, maktabgacha ta’limni oladigan bo‘lsak avvallari maktabgacha ta’lim qamrovi 30 foizga ham yetmagan. Bu ko‘rsatkich keyingi yillarda respublika miqyosida oladigan bo‘lsak 70 foizga yetgan. Oliy ta’limda qamrov bor yo‘g‘i 9 foiz bo‘lgan, bugun esa bu raqamlar salkam 40 foizga yetkazildi. Yoki maktablarni oladigan bo‘lsak, yangi zamonaviy maktablar qurilyapti, ta’mirlanyapti. Prezident maktablari, ijod maktablari tashkil etildi. Shu ishlarning davomi sifatida davlat dasturida ta’lim sohasida yangi bir vazifalar belgilanmoqda.
Bunda, 2023 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini 80 foizga, oliy ta’limni 50 foizga yetkazish, maktabgacha ta’lim tizimida qo‘shimcha 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish ko‘zda tutilyapti. Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etishni ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda jihozlash orqali amalga oshirishga ruxsat etilmoqda. Nodavlat ta’lim tashkilotini tashkil qilishda litsenziya olish va ruxsat berish tartib tamoyillarini yengillashtirish masalasi, bu degani ilgari nodavlat ta’lim tashkilotini tashkil etishga anchagina talablar qo‘yilgan edi, masalan, elektron kutubxonasi yoki axborot resurs markazi bo‘lishining majburligi, yoki sig‘imi masalasida bir qancha talablar qo‘yilgan bo‘lsa nodavlat ta’lim muassasasini o‘rnini oshirish maqsadida ularga qo‘yilgan shu kabi talablar yengillashmoqda. Bundan tashqari pedagog xodimlar malakasini oshirish jarayonida xorijiy tajribani inobatga olish ham nazarda tutilgan.
Maktab ta’limini ya’ni umumiy o‘rta ta’limni oladigan bo‘lsak, bu yerda ham anchagina islohotlar yoki chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. 2023 yilda 527 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini barpo etish yoki borlarini rekonstruksiya qilish orqali qo‘shimcha 196 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilishi belgilanmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi yana bir e’tiborli jihati bu 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida aprobatsiyadan o‘tgan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash amaliyotini 2023 yilda respublikaning barcha viloyatlariga tatbiq etish masalasi ko‘zda tutilgani. Buning uchun Respublika byudjetidan 2,7 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi va natijada 2,5 million nafar bolalarimizni bepul ovqat bilan ta’minlash tizimining joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Professional ta’limga ham juda katta islohotlar amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Professional ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini qabul qilish rejalashtirilmoqda, bunda dual ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan. Davlat dasturining shu yo‘nalishdagi yana bir e’tiborli jihati bu har bir hududda birtadan namunaviy, yevropa standartiga javob beradigan professional ta’lim muassasasining tashkil etilishi. Bundan tashqari, professional ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning oylik maoshlarini umumta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ish haqiga stavkalariga tenglashtirish masalasi ham nazarda tutilgan.
Oliy ta’limda ham bir qator islohotlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bunda oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim talablariga moslashtirish. Yana bir muhim masala, bu oliy ta’lim muassasalari talabalarining talabalar turar joylari bilan ta’minlanishi masalasi. Birgina, 2023 yilda 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurib foydalanishga toprishirish davlat dasturida o‘z aksini topgan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashda mukammal tizim shakllandi. Davlat dasturida ham ayni masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nogironlikni belgilashda kasallikning alomatlaridan kelib chiqib ya’ni og‘ir alomatlari yoki uning asoratlaridan kelib chiqqan holda fuqaroning ishtirokisiz nogironlikni belgilash masalasi kiritilyapti. Bu qanday amalga oshiriladi? Ya’ni idoralararo ma’lumot almashinuvi natijasida nogironligi bor fuqaroni chaqirmasdan nogironlikni belgilash mexanizmi joriy qilinishi nazarda tutilmoqda. Keyingi masala, xalqaro tajribalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, ko‘p davlatlarda nogironlikni tibbiyot modelidan ijtimoiy modelga o‘tish amaliyoti joriy etilgan. O‘zbekistonda ham shu tajribani bosqichma-bosqich amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqib amaliyotga joriy qilish masalasi ham dasturda ko‘zda tutilgan.
Aholi salomatligini mustahkamlash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi ham davlatning ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bunda avvalo shifokorlarning sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini oshirish masalasiga katta e’tibor qaratilyapti. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi tibbiyot muassasalari barpo etilyapti. Umuman aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun davlat nimaiki kerak bo‘lsa barchasini amalga oshiryapti. Davlat dasturida bu borada yana yangi vazifalar belgilanayotganligi quvonarli albatta.
Toshkent shahrida joriy yilning 1 iyul sanasidan boshlab sinov tariqasida tibbiy sug‘urta mexanizmini joriy etish belgilangan. Xo‘sh, bu aholiga nima beradi? Sug‘urta tizimini joriy etish bu tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ya’ni oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, siz pul to‘ladiz va to‘langan pulga yarasha sifatni ham talab qilish huquqi paydo bo‘ladi.
Yana bir ahamiyatli jihati sog‘lom turmush tarzi umummilliy harakatini amaliyotga joriy qilish masalasi. Bunda aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish orqali ko‘plab kasalliklarni bartaraf qilish, oldini olish ko‘zda tutilgan.
Davlat dasturining har bir bandi mamlakat rivoji uchun ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Demakki, bu har birimizning hayotimiz uchun juda muhim, shunday ekan bu jarayonlarda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etishi lozim bo‘ladi va o‘zlarining taklif va tashabbuslarini, fikrlarini yo‘llashlari kerak.
Albatta berilgan imkoniyatlar, vakolatlardan unumli foydalanib keng jamoatchilik, deputatlar taraqqiyot strategiyasi hamda dasturda belgilangan maqsadlar va chora-tadbirlarning ijrosini nazoratga olishda, ularning amalga oshirilishida ijro organiga ko‘maklashishi darkor.
Hamza Ro‘ziyev, “Yuksalish” umummilliy
harakati Buxoro viloyati bo‘linmasi rahbari,
viloyat kengashi deputati
O‘zA