Davlat dasturi ijrosi deputatlar nazoratida
Dastur ijrosi boʻyicha kuni-kecha masʼullarning hisoboti eshitildi.
Soʻnggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, xalqimizni turmush farovonligiga oʻz kuchi bilan erishish, moddiy manfaatdorlik asosida ishlab chiqarish omilini kuchaytirishga hissa qoʻshish boʻyicha bir qancha meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
Ulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi boʻlib, ushbu hujjatlar aynan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali ishsiz fuqarolarimizni oʻzini-oʻzi band qilish, ularni doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgandir.
Xalq deputatlari Quva tuman Kengashidagi OʼzLiDeP deputatlik guruhi tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida yuqoridagi qaror va dastur ijrosi tahliliy oʻrganib chiqildi. Dastur ijrosi boʻyicha kuni-kecha masʼullarning hisoboti eshitildi.
Yigʻilishda tuman hokimining moliya, iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 1-oʻrinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi N.Umarov, AT “Xalq banki” tuman boʻlimi boshqaruvchisi N.Ismoilov, kredit boʻlimi mutaxassisi A.Gʻofurov, chakana xizmatlar boʻlimi mutaxassisi A.Jumaboyevlarning “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturining ijrosi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, koʻrilayotgan masala boʻyicha xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashi deputati, OʼzLiDeP tuman Kengashi raisi X.Hojimatov, deputatlik guruhi aʼzolari B.Ahmedov, D.Ismoilov, N.Abdullayev, M.Sayfiddinovlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy oʻrganish maqsadida olib borilgan nazorat-tahlil tadbirlari, ularda aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Xususan, tijorat banklari xodimlarining mijozlar bilan muomala madaniyatini yuksak saviyada emasligi, ayni vaziyatdagi pandemiya sharoitida bank muassasalarida karantin tartib-qoidalari toʻlaqonli tashkil etilmaganligi, fuqarolarning deputatlarga ariza bilan qilgan murojaatlari mazmuniga asosan ayrim holatlarda barcha mezonlarga javob berib, bankka tegishli hujjatlarni taqdim etgan fuqarolarga kredit mablagʻlari chiqarib berilmayotganligi, hujjatlar mazmuni toʻliq tushuntirilmay, imzo qoʻydirilayotgani va boshqa kredit olish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi. “Quva”, “Sanoatchilar”, “Xonobod”, “Turkrovot” MFYlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Yigʻilish yakunida oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va deputatlik guruhiga yozma maʼlumot taqdim etish, dasturda belgilangan tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida tizimli amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlash, bank muassasasida “Mijoz – bank uchun emas, Bank – mijoz uchun” tamoyiliga toʻliq amal qilinishini taʼminlash, bank xodimlarining mijozlar bilan muomala madaniyatini yuksak saviyada tashkillanishiga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha “Xalq banki” tuman boʻlimiga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Deputatlik guruhi tomonidan esa har oyda kamida bir marta tadbirkorlikni yangi tashkil qilgan oilalarga tashrif buyurib, faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻrganib borish, ularni bartaraf etish va ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish samaradorligini oʻrganish va fuqarolarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Sh.Toʻxtamatov,
OʼzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi