Davlat chegarasini qo‘riqlash sharafli vazifa
O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qismda harbiy xizmatchilarining harbiy, ma’naviy-siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– “Tarixsiz kelajak yo‘q”, – deydi qism komandirining tarbiyaviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Ashurali Akbolayev. – Shu ma’noda harbiy xizmatchilarimizning Andijon shahridagi “Bobur uy-muzeyi” (Ark ichi) me’moriy obidasiga sayohati shoh va ulug‘ sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga oid bilimlarini yanada boyitdi.

Bilamizki, ulug‘ bobomiz Zahriddin Muhammad Bobur harb san’atining mohir bilimdoni bo‘lgan. Sayohat davomida muzeydagi noyob eksponatlar orqali Boburning hayoti va ijodi bilan birga, uning jasorati, sarkardalik salohiyati, yurishlari, qo‘l ostidagi askarlar bilan munosabatlari haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilarning yurt tinchligi, xavfsizligi va shuhratini yuksaklarga ko‘targan xalqimiz qahramonlariga bo‘lgan hurmatini oshirishga, harbiy burchga sadoqatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar ham tizimli ravishda olib borilmoqda.
Buloqboshi tumanidagi 55- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Davra suhbatida harbiylar o‘quvchi yoshlarga Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi, chegara qo‘shinlarining shonli va jangovar an’analari, Davlat chegaralarini qo‘riqlash sharafli vazifa ekanligi haqida gapirib berdi. Shuningdek, qism komandirining ta’rbiyaviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Ashurali Akbolayev o‘quvchilarga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 avgustdagi qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlari “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseyi tashkil etilganligi, akademik litseyda o‘qish tartiblari, litseyni tamomlaganlarga beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berdi. Kelajakda harbiy bo‘lish istagidagi yoshlar mazkur litseyda tahsil olib, o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishlari mumkinligini aytib o‘tdi.

Tadbirda harbiylar o‘quvchi yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. Davra suhbatida faol qatnashgan bir guruh yoshlar, shuningdek, yoshlarni harbiy Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati uchun litsey direktori A.Abdullayeva DXX chegara qo‘shinlari harbiy qism komandirining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA