Davlat byudjeti kamomadi qanday qoplanadi? (+video)
Ma’lumki, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini ifodalovchi asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. U mamlakat hududidagi korxonalar tomonidan barcha ishlab chiqarish omillari yordamida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarning bozor qiymatidagi ifodasi bo‘lib, uning miqdori milliy hisoblar tizimi asosida hisoblab chiqiladi. Milliy iqtisodiyotda asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkich sifatida YAIM yoki yalpi milliy mahsulot, hatto yalpi milliy daromad ham qo‘llanilishi mumkin.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga o‘smoqda. Xususan, respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi 2020-yilda 60,2 milliard dollarni, 2021-yilda 69,6 milliard dollarni, 2022-yilda 81,1 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘tgan yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi 6 foiz o‘sib, 90,9 milliard dollarga, o‘rtacha almashuv kursi 11,737 so‘mga yetdi. Bu raqam aholi jon boshiga hisoblaganda 2,5 ming dollardan to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilgi natijalar esa, sarhisob qilishga arzigulik. 2023-yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Jumladan, sanoat 6, xizmat ko‘rsatish 6,8, qurilish 6,4, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz o‘sgan.
Bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Ammo 2024 yilgi marra bundan ham yuqori. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Xo‘sh, bunga qanday erishiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti direktori Abdumalik Jalilov bilan suhbatimiz shular xususida bo‘ldi.
– Joriy yilning 16-yanvarida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024-yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi, – deydi Abdumalik Jalilov. – Bundan kelib chiqib, joriy yilda yalpi ichki mahsulotni kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Bu prognozimizning asosiy sharti makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hisoblanadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy drayverlari haqida aytadigan bo‘lsak, iqtisodiy o‘sishga sanoatning 7 foiz, bozor xizmatlarining 14 foiz atrofida va qishloq xo‘jaligining 4 foiz o‘sish orqali erishiladi. Bu o‘sish suratlariga birinchi navbatda oldingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, keyin esa 2024-yilda belgilangan islohotlarimiz natijasida erishilishi prognoz qilinmoqda. Misol uchun, 2024-yilda energetika sohasida 7 ta energetika quvvatlari ishga tushirilishi belgilanyapti.
Transport sohasidagi islohotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2023-2024-yilda jami aviakompaniyalar tomonidan 28 ta samolyot olib kelinishi belgilangan. O‘tgan yilda 24 ta samolyot olib kelingan. Aviareyslar soni 460 tadan 700 taga oshiriladi. Buning natijasida samolyotda yo‘lovchi tashish qariyb ikki barobarga oshiriladi. Bundan tashqari, metallurgiya, avtosanoat va energetika sohalarida ishga tushirilishi belgilanayotgan yirik loyihalarimiz iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘lib hisoblanadi.
Joriy yilda iqtisodiy o‘sishga oid islohotlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi navbatda energiya ta’minoti, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yoki transport hamda urbanizatsiya sohasidagi islohotlarning davom ettirilishi shu yilning iqtisodiy o‘sishiga zamin bo‘ladi.
Qolaversa, bu islohotlar 2025-2026-yil iqtisodiyotimizning yanada o‘sishiga katta zamin bo‘ladi. 2024-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2,700 ming dollargacha tashkil qilish prognoz qilinmoqda.
– Davlat byudjeti kamomadi qanday kamaytiriladi, uning daromadlari qanday oshiriladi?
– Davlat byudjeti taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz darajasida saqlash, buning uchun byudjet daromadlarining bazisini oshirish va xarajatlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kun umumiy davlat byudjeti taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz darajasida ta’minlash belgilanyapti. Bu birinchi navbatda daromadlarni oshirish bazasini oshirish orqali amalga oshiriladi.
Xarajatlar samaradorligi haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirda Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki va bir qator ekspertlar bilan birgalikda natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish tizimi ustida ishlanyapti. Hozirgi kunda ayrim yirik komponentlar amaliyotga sekin-sekin joriy etilmoqda. Xususan, 2024-yil byudjetining ishlab chiqilishida birinchi darajada byudjetni taqsimlovchi 37 vazirlik-idoraning KPI narxi qo‘yildi. Ularga ajratiladigan mablag‘ natijaga bog‘lab qo‘yilgan. Buning davomi sifatida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori tasdiqlandi. Buning asosida 2025-yildan boshlab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi pilot loyihasi sifatida barcha sohada amalga oshiriladigan xarajatlar natijaga bog‘lab qo‘yiladi. 2026-yildan boshlab, bosqichma-bosqich to‘liq bu tizimga o‘tiladi.
– Jahondagi global inqiroz respublikamiz moliya tizimiga qanday salbiy ta’sir qilmoqda, uning oldini olish uchun qanday ishlar qilinmoqda?
– 2020-yildan beri jahon iqtisodiyotida juda tez o‘zgaruvchi va yengish oson bo‘lmagan tendensiya ketmoqda. Pandemiya, undan keyin global iqtisodiyot, logistikadagi muammolar... Muhim bo‘lgan tovarlar, energetikaning narxi keskin oshirildi. Shunga qaramasdan iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarimiz iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlashga xizmat qildi. 2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish suratlari o‘rtacha 5,5 foiz atrofida shakllandi.
Hozirgi kunda asosiy e’tibor qaratiladigan yo‘nalish makroiqtisodiy barqarorlik hisoblanadi. Bunda birinchi navbatda davlat byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz darajasida ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi, davlat tashqi qarzining mo‘tadilligini saqlash hisoblanadi. Bu bo‘yicha fiskal qoidalari ishlab chiqilgan. Ya’ni har yili yangi jalb qilinadigan davlat tashqi qarzini cheklangan miqdoriga chegaralar qo‘yilgan. Masalan, 2024-yil uchun bu miqdor 5,5 milliard dollarni tashkil etadi. Davlat xususiy sherikchiligi tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shartli majburiyatlarni boshqarish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Bu bo‘yicha Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki bilan birgalikda metod ishlab chiqilgan. Har bir loyiha, har bir yo‘nalish bo‘yicha davlat byudjeti oldida shartli majburiyatlar yuzaga kelganda qanday yo‘l tutish lozimligi bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7Jl7s7_g5Ic" title="Davlat byudjeti kamomadi qanday qoplanadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA