Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rni ortmoqda
Mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, ularning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, haq-huquqlarini himoya qilish, ularga barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini e’tirof etish lozim.
Bu boradagi islohotlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi.
Mamlakatimiz parlamentida xotin-qizlar soni ortib, ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 32 foizini, Senat a’zolarining esa 25 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham xotin-qizlardan iborat. Bu bilan O‘zbekiston milliy parlamenti xotin-qiz deputatlari soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlamentlar o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi.
2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatgich 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda esa 21 foizdan 37 foizga o‘sdi. Bularning barchasi yurtimizda keyingi yillarda xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar natijasi, desak ayni haqiqat.

Hukumatimiz tomonidan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyaning a’zosi sifatida milliy qonunchiligimizga uning normalarini kiritish, uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada muhim qadamlar qo‘yildi.
Jumladan, 2019 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Hozirda mamlakatimiz parlamenti yuqori palatasi tarkibida ayollar kamsitilishining har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali - vacancy.argos.uz orqali o‘tkazilgan ochiq mustaqil tanlovlarda ham xotin-qizlar uchun teng sharoitlar yaratib kelinmoqda.
Hozirda Navoiy viloyatidagi davlat fuqarolik xizmati joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 3703 nafar davlat xizmatchilarining 830 nafarini yoki 22,4 foizini xotin qizlar tashkil etadi.
Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda ko‘tarilishida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlangan holda amalga oshirib kelinmoqda.
Yaqin yillarda ayollarimiz orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib ko‘rilgan rahbarlar soni yanada ko‘payadi. Bu aynan ayollarga bo‘lgan ishonch, ular salohiyatiga berilgan yuksak bahodan dalolat beradi. Shu bilan birga xalqning ishonchini oqlaydi, o‘zining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish yo‘lida fidoyilik namunalarini ko‘rsatishga undaydi, albatta. Ayni damda gender tenglikning asosiy jihatlaridan biri ham aslida shundan iborat.
Gullola Ergasheva,
Navbahor tumani hokimi o‘rinbosari,
oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA