Davlat bojxona qo‘mitasining axboroti eshitildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyatining joriy yilning 9 oyi davomida Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Mazkur majlisda Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasining mutasaddi rahbarlari, Hisob palatasi hamda Moliya vazirligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan bojxona organlari infrastrukturasini rivojlantirish, “raqamli iqtisodiyot” doirasida bojxona sohasiga zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, majlisda Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining natijasi bo‘yicha tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar ham muhokama qilindi.
Deputatlar tomonidan sohada yo‘l qo‘yilgan moliyaviy xato va kamchiliklar, uning kelib chiqish sabablari, yo‘l qo‘yilgan mavjud moliyaviy xatoliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Majlisda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida byudjet mablag‘laridan maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, byudjet sohasida moliyaviy xatoliklar va kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati