Davlat bayrog‘i – mustaqil Vatan timsoli
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Samarqandda ham yuksak saviyada tashkil etildi.
Tadbirlar Registon maydonidan boshlandi. Bu yerda 20x40 metr o‘lchamdagi ulkan bayroq yozildi va harbiylar, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar va jamoatchilik ishtirokida Ko‘ksaroy maydoni – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i o‘rnatilgan hududga olib kelindi.
60 metrlik flagshtokda hilpirab turgan davlat bayrog‘i ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi vakillari, oliy o‘quv yurtlari jamoalari, yozuvchi va shoirlar, madaniyat xodimlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda bayroq davlatning muhim ramzlaridan biri ekanligi qayd etilib, davlat bayrog‘ining qabul qilinish jarayonlari, qonunchilikda belgilangan qoida va tamoyillar haqida so‘z yuritildi.
[gallery-20421]
– Tilshunoslarning ta’kidlashicha, bayroq qadimgi turkchada “baziraq”, “badiroq”, “batiroq” tarzida ham qo‘llangan, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Sharifjon Saxatov. – Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar. Bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarda, hukmdorlar chodiri tepasiga o‘rnatilgan. Bugun dunyodagi davlatlarning har biri o‘z bayrog‘iga ega. Davlat bayrog‘i muqaddas sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni, kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Davlat bayrog‘i mamlakat suverenitetining ramzi hisoblanadi. U yer yuzida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi.
Tadbirda taniqli shoirlar, teatr namoyandalari o‘z badiiy dasturlarini namoyish etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari