Davlat aktivlarini xususiylashtirishda yangi mexanizm nimani o‘zgartiradi?
Mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor ulushini kengaytirish jarayoni yangi bosqichga chiqmoqda. Davlatimiz rahbarining 2026-yil 28-avgustdagi tegishli farmoni bilan davlat aktivlarini xususiylashtirishni jadallashtirish va investorlar uchun qulay shart-sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.
Xo‘sh, yangi tartib davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonida nimani o‘zgartiradi? Sotilayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish qanday ta’minlanadi? Qaysi korxonani davlat tasarrufida saqlash, qaysi birini xususiylashtirish yoki qayta tashkil etish masalasi qanday hal qilinadi? Shu va boshqa savollar bilan O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodovga murojaat qildi.
– Eng avvalo, xususiylashtirishga faqat davlat aktivini sotish jarayoni sifatida qarash to‘g‘ri emas. Asosiy maqsad davlat ishtirokini qisqartirish bilan birga, aktivlarga samarali mulkdor va investorlarni jalb qilish, – dedi Sohibjon Murodov. – Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan bu jarayonni tezlashtirish va investorlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan bir qator mexanizmlar joriy etildi. Masalan, aktivlarni sotib olishda 15 foiz avans to‘lash, qolgan summani esa belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Bu, ayniqsa, qiymati yuqori ob’ektlarni xarid qilishda investor uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Yana bir muhim jihat, aktivni sotib olgan investor unga shunchaki egalik qilib turishi emas, rivojlantirishi uchun sharoit yaratiladi. To‘lovning kamida 50 foizi amalga oshirilganidan keyin ob’ektni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash yoki yangi qurilish ishlarini boshlash mumkin. Sotilmay qolayotgan aktivlar bo‘yicha ham bozor talabidan kelib chiqadigan mexanizmlar ishlaydi. Agar ob’ektga uch oy davomida tadbirkorlardan qiziqish bo‘lmasa, uning boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mumkin. Ya’ni aktivni bozordan uzoq vaqt chetda ushlab turish emas, uni real talabga moslashtirib, iqtisodiy oborotga tezroq kiritish maqsad qilinmoqda.
Shu bilan birga, aktivning haqiqiy qiymati raqobatli ochiq savdoda shakllanadi. Shuning uchun xususiylashtirishda ochiqlik va raqobat asosiy tamoyillardan bo‘lib qoladi. Umuman, investor uchun imkoniyatlar uch asosiy yo‘nalishda kengaymoqda. Aktivni sotib olish shartlari qulaylashib, uni rivojlantirish imkoniyatlari kengaymoqda va bozorga kirish uchun ko‘proq aktivlar taklif etilyapti. Faqat 2026-yilning o‘zida 84 ta jamiyatdagi davlat ulushlari, 1 ming 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti va qariyb 8 ming gektar yerni savdoga chiqarish belgilangan.
– Sotuvga chiqarilayotgan davlat korxonalari va aktivlari xususiy sektorga o‘tgach, ulardan samarali foydalanish hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishi qanday ta’minlanadi?
– Bu jarayonda eng asosiy masala “aktiv kimga sotildi?” emas, balki “sotilgandan keyin uning taqdiri nima bo‘ladi?” degan savolga borib taqaladi. Masalan, yillar davomida bo‘sh turgan bino davlat tasarrufida qolaversa, o‘z-o‘zidan ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish ob’ektiga aylanib qolmaydi. Xususiy investor esa unga mablag‘ tikadi, ta’mirlaydi, zamonaviy texnologiyalar olib kelib, yangi biznesni yo‘lga qo‘yadi. Korxonalar bilan bog‘liq vaziyat ham xuddi shunday. Ularning aksariyati bugungi kunda modernizatsiyaga, yangi texnologiyalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga jiddiy ehtiyoj sezmoqda. Davlat har bir korxonani byudjet yoki qarz mablag‘lari hisobidan doimiy ravishda yangilab borishi shart emas va buning imkoni ham cheklangan. Xususiy investitsiyalar uchun keng yo‘l ochib berish aynan shu jihatdan strategik ahamiyatga ega.
Buning natijasida yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushadi, xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengayadi, qo‘shilgan qiymat hamda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shu bois, xususiylashtirish samaradorligini faqatgina “davlat aktivni qancha mablag‘ga sotdi?” degan mezon bilan o‘lchash to‘g‘ri emas. Eng muhim natijalar, sotilgan aktiv keyinchalik qancha investitsiya jalb qilgani, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish hajmi qanday o‘zgargani, qancha qo‘shilgan qiymat va yangi ish o‘rinlari yaratilganida namoyon bo‘ladi.
Bundan tashqari, jarayon faqat xususiylashtirishning o‘zi bilan yakunlanib qolmaydi. Bozorda xususiy sektor va davlat ishtirokidagi korxonalar uchun teng raqobat sharoitini ta’minlash, asossiz imtiyoz va preferensiyalarga yo‘l qo‘ymaslik ham g‘oyat muhimdir. Zero, xususiy sektor sog‘lom raqobat muhitida faoliyat yuritgandagina investitsiyalar oqimi jadallashadi va yangi bizneslar ko‘payadi.
– Qaysi davlat korxonasini saqlab qolish, qaysi birini xususiylashtirish yoki qayta tashkil etish masalasi qanday hal qilinadi?
– Bu masalada davlat korxonalarining barchasini sotib yuborish kerak, degan biryoqlama yondashuv mavjud emas. Har bir korxonaning milliy iqtisodiyotdagi o‘rni va davlat uchun qay darajada ahamiyatli ekani alohida baholanadi. Oddiy qilib aytganda, davlat uchun strategik ahamiyatga ega, aholi xavfsizligi bilan bog‘liq yoki xususiy sektor uchun iqtisodiy jihatdan norentabel bo‘lgan ayrim soha hamda xizmatlar davlat tasarrufida qolishi mumkin.
Agar korxona raqobatdosh bozorda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa va uning ishini xususiy sektor samaraliroq tashkil eta olsa, unda davlat ishtirokini qisqartirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bunda korxonani albatta to‘liq sotish shart emas. Ayrim holatlarda davlat o‘z ulushining muayyan bir qismini sotishi, boshqa vaziyatlarda esa korxonani qayta tashkil etishi yoki faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Iqtisodiy jihatdan butunlay samarasiz deb topilgan aktivlar esa tugatiladi. Masalan, Prezidentning tegishli farmoni doirasida ham davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish belgilangan.
Bu yondashuv oddiy: davlat qayerda bo‘lishi zarur bo‘lsa, o‘sha yerda qoladi. Raqobatli bozorda esa xususiy sektor uchun ko‘proq imkoniyat yaratiladi. Jarayonning uzoq muddatli maqsadi ham aniq. 2030-yilga borib iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Demak, xususiylashtirishning mohiyati faqat davlat aktivlarini sotish emas, balki ularni samarali mulkdorlar qo‘liga o‘tkazish, investitsiya va yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, iqtisodiyotda raqobat muhitini kengaytirishdan iborat.
O‘zA muxbiri
Dilshod HAKIMOV
suhbatlashdi.