Dasturxon to‘kin, ro‘zg‘or fayzli
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Hasancha mahallasida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va buning orqasidan mahallasi farovonligiga, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelayotgan oilalar ko‘p.
Prezidentimiz rahnamoligida oilaviy biznesni rivojlantirish orqali aholini ish bilan ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasining "Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni va davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari muhim dasturulamal bo‘layotir. Biznesni tashkil qilishning ushbu shakli milliy an’analarimiz va xo‘jalik yuritish faoliyatining mavjud holatiga to‘la mos keladi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Hasancha mahallasida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va buning orqasidan mahallasi farovonligiga, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelayotgan oilalar ko‘p. Masalan, 57 oila tadbirkorlik bilan shug‘ullansa, 5 fermer xo‘jaligi yerdan mo‘l hosil olayotir. 48 oila hunarmandchilik an’analarini davom ettirmoqda, 36 oila kasanachilikdan yaxshigina daromad olmoqda.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar bandligiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Hasancha” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husan Nosirov. – Mahallamiz ahli bugungi kunidan ko‘ngli to‘q, farzandlari kelajagidan xotirjam holda ahil-totuv hayot kechirmoqda. Istalgan oilaga kirsangiz, albatta, biror mehnat bilan mashg‘ul ekaniga guvoh bo‘lasiz. Shuning ortidan dasturxoni to‘kin, oilasi tinch. Bularning barchasi mustaqillik sharofati, Yurtboshimiz yuritayotgan oqilona siyosatning samaralaridir.
Ahad Berdiyorov “Xalq banki”ning tuman filialidan 7,5 million so‘m imtiyozli kredit olib, asalarichilikni yo‘lga qo‘ydi. 20 asalari oilasini parvarishlab kelayotgan tadbirkor ayni paytda ikkinchi hosilni yig‘ishtirib oldi.
– Mamlakatimizda ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda, shu ishni boshlab kam bo‘lmadim, – deydi A.Berdiyorov. – Hozirgacha ikki marta hosil yig‘ib, bir million 200 ming so‘m daromad oldik. Kelgusi yili kasb-hunar kollejini bitiradigan o‘g‘lim bilan asalarichilikni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.
Tilov Rahimov baliqchilik ortidan yaxshigina daromad olishni ko‘zlamoqda. 2013-yil oxirida “Mikrokreditbank”ning tuman filialidan olingan 15 million so‘mlik kredit tadbirkorga madad bo‘ldi. 2,5 gektarlik havzada 5 ming baliq parvarishlashni boshladi. Uch farzandi bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan ishbilarmon joriy yilda yangi yo‘nalish – baliq inkubatsiya sexini tashkil etdi. Tadbirkor kelgusida non va tikuvchilik sexlarini tashkil etish niyatida.