Dastlabki xulosa: Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin hodisa meteoroid yoki bolidga xos emas
Kecha, 19-sentabr oqshomida Toshkent shahri osmonida juda yorqin, ortidan uzun iz qoldirib harakatlangan ob’ekt kuzatildi. Hodisa shahar aholisining ko‘plab foto va videolarida qayd etilgan.
Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin ob’ekt haqida quyidagicha munosabat bildirdi:
– Astronomiya instituti mutaxassislari tarqalgan foto va videomateriallarni dastlabki tahlil qildi. Ob’ektning tashqi ko‘rinishi, harakat xususiyati va hosil qilgan izida meteoroid yoki bolidga xos belgilar mavjud emas. Kuzatilgan manzara ko‘proq raketa yoki uning yuqori bosqichi bilan bog‘liq hodisaga o‘xshaydi.
Hozircha eng katta moslik kecha Xitoyda amalga oshirilgan kosmik kema uchirilishiga to‘g‘ri kelmoqda. 19-sentabr kuni Xitoyning Tayyuan kosmodromidan «Long March-2D» («Chang Zheng-2D») tashuvchi raketasi uchirildi. Raketa «PIESAT-2» turkumidagi to‘rtta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi.
Dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yo‘nalish o‘rtasida juda yaxshi moslik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish — Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Biroq hozircha kuzatilgan ob’ektni aynan «Long March-2D» raketasining muayyan qismi deb qat’iy identifikatsiya qilishga hali erta. Yangi uchirilgan ob’ektlar bo‘yicha xalqaro orbital kataloglarda zarur elementlar va hodisaga oid mustaqil identifikatsiya hali mavjud emas.
Hozirgi dastlabki xulosa shuki: Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin hodisa meteoroid yoki bolidga xos emas.
O‘zA