Darsliklar bilan ta’minlanganlik holati o‘rganildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ayrim maktablardagi kitoblarning holati aks etgan videomaterial tarqaldi.
Ushbu holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videomaterial joriy yilning 15-sentabr kuni Instagram kanallarda tarqalgan bo‘lib, foydalanishga yaroqsiz holatda berilgan “Matematika” va “Ingliz tili” darsliklari o‘sha kunning o‘zida aniqlanib, kamchilikni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilari uchun darsliklar har yili, 2-4-sinflar uchun - uch yilda bir marta va 5-11-sinflar uchun - besh yilda bir marta yangilanishi belgilangan.
Hozirgi vaqtda 2-qoraqalpoq sinf o‘quvchilari uchun “O‘qish savodxonligi” darsligi va daftari, “Matematika” darsligi “Ta’minot va logistika” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan. Shuningdek, 2-qoraqalpoq sinf o‘quvchilari uchun “Ona tili” darsligi esa 2026-2027-o‘quv yili uchun shakllantirilgan buyurtmalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yaqin kunlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilib, ushbu qaror bilan maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkil etish ilmiy-metodik markazi vazifasi etib belgilandi.
Vazirlik tomonidan bu boradagi ishlar, jumladan, ta’lim muassasalarining darsliklar bilan ta’minlanganlik holati bo‘yicha o‘rganishlar davom ettiriladi va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri