“Dars” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, «Ma’no Cinema» studiyasi hamkorligida “Dars” filmining taqdimoti o‘tkazildi.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab suratga olingan ushbu kartina yangi O‘zbekistonda o‘qituvchilar nufuzini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, yoshlar orasida kitobxonlik, ma’rifat va o‘qish madaniyatini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Bu jihatlar filmning bosh qahramoni Oyqiz obrazi orqali ochib berilgani diqqatga sazovor. Kartinada Oyqizning orzulari, hayotidagi sinovlar va izlanishlari davomida shoshqaloq va xayolparast qizdan mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli va yetuk shaxsga aylanish jarayoni aks ettiriladi.
Hanifa xola obrazi orqali o‘qituvchining inson kamolotidagi beqiyos o‘rni, ustoz-shogird an’analari va ta’lim-tarbiyaning ahamiyati aks ettiriladi. Kitobxonlik esa qahramonlarning ma’naviy yuksalishi va dunyoqarashi o‘zgarishining muhim omili sifatida talqin qilinadi. Film insoniylik, mehr-oqibat, milliy qadriyatlar, ustoz-shogird munosabatlari va ma’naviy kamolot g‘oyalarini tarannum etadi.

Samimiy ruhda yaratilgan “Dars” filmi tomoshabinga o‘zbekona ruh va hayotiy voqealar orqali taqdim etiladi.

Film ssenariy mualliflari – Madina Yo‘ldosheva, Shohrux Ne’matov. Sahnalashtiruvchi rejissyor – Otabek Yo‘ldoshev. Sahnalashtiruvchi operator – Davlat O‘rozaliyev. Sahnalashtiruvchi rassom – Temur Nurmuhammedov. Montaj ustasi – Nurillo Anvarov.

Filmda asosiy rollarni Mavluda Hikmatova, Malika Ibrohimova, Lola Eltoyeva, Tolib Mo‘minov, Abbos Bahodirov, Sanjar Namozov, Umid Uzoqov, Shohrux Hamdamov, Jayrona Hasanova, Mehri Iymonberdiyeva, Ruxshona Abdullayeva, Ulug‘bek Yunusov, Isoqtoy Jumanov, Mohichehra Islomova, Asila Hasanova, Umida Sattorova, Otabek Haqberdiyev, Biloliddin Toyirov, Jamshidbek Olimboyev va boshqalar ijro etgan.
N.Usmonova,
O‘zA