Dangʻarada yangi loyihalar ishga tushmoqda
Tumanda ekologik soflikni taʼminlash yoʻlida yaxshi tashabbusga qoʻl urdi.
Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida investitsiyalar jalb etish, yangi loyihalarni ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani hududning sanoat salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Oʻtgan davrda “Dangara mega cattle”, “Silver oil”, “Elegant kapital tikuv”, “Musavvar tex”, “Bursal-shoes”, “Azia-China shoes”, “Jahon tekstil lyuks” kabi korxonalar ishga tushirilib, ichki bozorda oʻz oʻrnini topishga ulgurdi.Tadbirkor ayol Dilshoda Usmonova rahbarlik qilayotgan, yuz turdan ziyod bejirim va sifatli erkaklar koʻylaklari ishlab chiqarilayotgan “Ayubxon tekstil” xususiy korxonasidagi yuksalishlar ham havas qilgulik. Hozirda hududdagi 1 ming 650 dan ziyod tadbirkorlik subyektlarining 404 tasini ishlab chiqarish korxonalari tashkil etadi.
- Shu yilning oʻtgan 9 oyi davomida tumanga 8,8 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablagʻlari jalb etildi, -deydi tuman hokimi oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Elbek Kenjaboyev. -Hududning eksport salohiyati oʻsib, bugungi kunga qadar 10,6 million dollar qiymatida mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 7,6 million dollarni tashkil etgan edi. 2020-yilga moʻljallangan, qiymati 192 milliard soʻmga teng 17 ta investitsiya loyihalar amalga oshirilmoqda.
Dastlab turli xil kabellar, keyinroq tejamkor diod lampalari ishlab chiqarishga kirishgan “Real kabel invest” qoʻshma korxonasi endilikda avtomobil yoʻllari yoqasiga oʻrnatiluvchi simyogʻochlardagi yoritqichlar lampasini tayyorlamoqda. Korxonaga uch yarim gektar yer berilib, yangi korpus qurildi. Ish unumi va sifati oshgach, Xitoyning oʻzi korxona mahsulotlarining xaridori boʻldi.
Dangʻaralik Jahongir Akbarovning bolalikdan texnikaga mehr qoʻyib, ekskavator, buldozer, greyder singari agregatlarni taʼmirlash ishlarini yoʻlga qoʻydi. Tumanda ekologik soflikni taʼminlash yoʻlida yaxshi tashabbusga qoʻl urdi. U yarim yillik izlanishlari natijasi oʻlaroq, chiqindilarni qayta ishlash minizavodini tashkil etish niyatida. Koʻp yillar oldin Qoʻqon shahri va uning tevaragidagi tumanlar chiqindisiga shu hududdagi Qumqiyali qishlogʻidan ajratilgan joy allaqachon toʻkindi uyumlar adiriga aylangan edi. Endilikda ularni qayta ishlashga bel bogʻlagan tadbirkor topilgani qanday yaxshi.
“Chinobod parranda” xususiy korxonasining tashkil etilganiga oʻn yildan oshdi. Ishbilarmon Oybek Togʻayev ishni qirq mingta tovuqni parvarishlashdan boshladi. Yildan- yilga qoʻshimcha binolarni qurib, tovuqlar sonini yetmish besh mingtaga koʻpaytirdi. Italiyadan yangi texnologiyalar keltirilgach, ish unumi va tovuqlar mahsuldorligi yana-da oshdi. Hozirda 100 mingdan oshiq parrandalardan tuxum olinmoqda.Yaqinda ish koʻlami kengayib, inkubatoriya, omuxta yem ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sexi qurilib, Xitoy, Rossiya va Turkiya davlatlaridan qadoqlash, qovurish uskunalari olib kelib, oʻrnatildi. Ikki ming tonnalik muzlatgich qurib bitkazildi. Hozirda Nodirbek Mirahmedov boshqarib kelayotgan korxonada kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, mahsuldorligi kamaygan tovuqlarni goʻshtga topshirishga moʻljallangan sexlar ham faoliyat boshlash arafasida. Tadbirkor faoliyatining kengayishi daromad manbaining koʻpayishi, yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.