Dala doʻkonlari barpo etilib, quduqlar qaziladi
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashida videokonferensaloqa tarzidagi navbatdagi muloqot oʻtkazildi.
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashida videokonferensaloqa tarzidagi navbatdagi muloqot oʻtkazildi.
Jamgʻarmaning hududiy vakillari, tuman kengashi raislari, “Tomorqa xizmati” klaster korxonasi rahbarlari ishtirokida hududlarda tomorqa xizmati olib borayotgan xizmatlar sifati, klasterga aylantirish jarayonlari, sovutgichlar tashkil qilish, kredit ajratish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ayni vaqtda “Tomorqa xizmati” tizimida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan 25 klaster korxonalari qurish va buning uchun mablagʻlar ajratish tadbirlari olib borilmoqda. Shunga hamohang tarzda yurtimizdagi 21 tumanda, 1639 mahalla kesimida “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish va realizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Ular 2-3 turdagi mahsulot yetishtirishga moslashtiriladi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan videomuloqotda joylarda 1210 dala doʻkonini kichik hajmli muzlatkich omborlar bilan birga tashkil etish borasidagi vazifalarga ham eʼtibor qaratildi. Bu borada kengash huzuridagi jamgʻarmadan kredit ajratilishi tahsinga loyiq. Bunday savdo doʻkonlari har bir tumanda 10tadan tashkil etilmoqda. Jarayonni tezlashtirib, Mustaqillik bayrami oldidan aholiga arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish yoʻlga qoʻyilsa oʻziga xos tuhfa boʻlishi alohida qayd etildi. Dala doʻkonlari tashkil etishda Toʻraqoʻrgʻon tajribasiga tayanishga kelishib olindi.
Pandemiya tufayli karantin joriy etilganiga qaramay fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari aholini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash borasidagi masʼuliyatni bir daqiqa ham unutganlari yoʻq. Shuningdek, joylarda quduq qazish tadbirlarida bosh-qosh boʻlishmoqda. Bunda esa Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyulda qabul qilingan “Suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yer maydonlariga suv chiqarish ishlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori dasturilamal boʻlmoqda.
Hozirda yurtimizdagi 104 tumandagi 956 mahallani quduqlar bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Shunda yurtimiz boʻylab ikki mingdan ortiq quduq qaziladi. Uning yarimi yirik quduqlar boʻlib, har bir quduqdan 30 xonadon foydalanadi. Qolgan qismi esa bittadan xonadonga moʻljallangan. 30-iyuldan qazilgan quduqlar uchun qarorda koʻrsatilgan tartibda va tegishli miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Videomuloqotda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 311, Jizzaxda 600, Xorazmda 471, Buxoroda 186, Andijonda 154 yirik va kichik hajmdagi quduq qazilishi borasida manzilli roʻyxatlar shakllantirilgani maʼlum qilindi. Albatta, boshqa viloyatlarda ham bu ishlar davom etmoqda.
Tadbir yakunida bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash, buning uchun yetarli miqdorda qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻz vaqtida ekish, bu ishlarda tomorqa egalarini ham qilish orqali yiliga 2-3-marta hosil olish borasidagi fikr-mulohazalar ham tinglandi.