“COVID-19”: ofat va yechim
Hozir mamlakatimiz boʻylab minglab tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash frontida haqiqiy qahramonlik koʻrsatmoqda.
Virus infeksiyasining dermatologik jihatlari
Hozir mamlakatimiz boʻylab minglab tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash frontida haqiqiy qahramonlik koʻrsatmoqda.
Ushbu pandemiyaga qarshi kurashda ilmiy izlanishlar alohida oʻrin tutadi. Shu jihatdan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikada “COVID-19” koronavirusiga qarshi samarali kurashish maqsadida davlat dasturi doirasida ilmiy loyihalar uchun eʼlon qilingan tanlovlar Oʻzbekiston tibbiyot fani oldiga jiddiy vazifalarni qoʻydi.
Bu yoʻnalishda bir qancha ilmiy-tadqiqot muassasalari, jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi, Respublika sanitariya-epidemiologiya markazi va boshqa tibbiyot tashkilotlari ilmiy tadqiqotlarini jadal olib bormoqda.
Bugungi kunda tibbiyot muassasalarida “COVID-19” virusli infeksiya bilan kasallangan bemorlarga tashxis qoʻyish va ularni davolashning yangi usullari ishlab chiqildi va amalda qoʻllanilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, kasallik profilaktikasi masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Karantin tugaganidan keyin niqob va qoʻlqoplarda yurish, dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish kabi profilaktika choralari koʻrilsa-da, ammo kasallik yuqish xavfi yoʻqolmaydi.
Shu masalalarni hal etish yoʻlida Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari ham “COVID-19” virusli infeksiyasiga qarshi kurashda qoʻllaniladigan davolash-profilaktika chora-tadbirlarining yangi usullari ustida tadqiqot olib bormoqda.
Markazda hozirgi kunda bir qancha fundamental va amaliy tadqiqotlar yakunlanmoqda. Ularning natijalari teri va shilliq pardalari yalligʻlanishi bilan kechadigan teri kasalliklarining yangi etiopatogenetik jihatlarini aniqlab berdi va tashxis qoʻyish hamda mahalliy resurslardan foydalangan holda davolash taktikasining yangi usullarini yaratishga asos boʻldi.
Maʼlumki, “COVID-19” infeksiyasi odamlarga asosan havo-tomchi va kontaktli yuqish yoʻllari orqali oʻtadi. Shu tufayli kasallikning oldini olish maqsadida barchamiz dezinfeksiya vositalaridan, niqob va rezina qoʻlqoplardan muntazam foydalanyapmiz. Biroq dermatologik nuqtayi nazardan buning natijasida terida yalligʻlanish jarayonlari, teri qurishi, yorilishi, rN muhitining oʻzgarishi kabi holatlari kuzatiladi va zoʻrayish holatlari qayd etiladi. Bu mikroorganizmlarning shartli-patogen holatida inson organizmida saqlanish ehtimolini oshiradi va patogenli mikroorganizmlarning koʻpayishiga maqbul sharoit yaratadi. Bu esa keyinchalik yangi virusli va mikst-bakterial infeksiyalarining rivojlanishiga sabab boʻladi.
Bugungi kunda “COVID-19” koronavirusi test tizimi orqali aniqlanib, kasallik asosan virus va bakteriyalarga qarshi hamda steroid yordamida davolanmoqda. Terapiyaning barcha usullari koronavirus infeksiyasining asoratlangan shakllari – bronx-oʻpka kasalliklarini davolashga qaratilgan. Biroq, teri va shilliq pardalarni himoya qilish boʻyicha dezinfeksiyalovchi moddalardan tashqari hech qanday terapevtik va profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.
“COVID-19” infeksiyasining kontakt yoʻli bilan yuqishini hisobga olsak, teri mikrobiotasi (teridagi mikroorganizmlar majmui) holatini, rN muhitini, lipidlar holatini yaxshilash orqali terining toʻsiq (baryer) funksiyasini oshirib va infeksiyalarni tashuvchi yoki infeksiyalardan zararlanganlik darajasini kamaytirish mumkin.
Shu bois yurtimiz dermatologlari oldiga virusli va bakterial infeksiyalariga qarshi kurashishda shartli-patogen, jumladan, virusli mikroorganizmlar bilan organizmning zararlanishi uchun toʻsiq boʻlib xizmat qiluvchi teri qoplamlari va shilliq qavatlariga doir davolash-profilaktika choralarining yangi texnologiyalarini yaratish vazifasi qoʻyildi.
Shu yoʻnalishda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan Oʻzbekiston tabiiy resurslaridan foydalanishni hisobga olgan holda tashqi muolajalarda ishlatish mumkin boʻlgan bakteriostatik xususiyatli yangi avlodli davolash mahsulotlarini, shulardan kelib chiqqan holda klinik protokollar, profilaktika usullarini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Bu, oʻz navbatida, “COVID-19” koronavirusi bilan kasallanish koʻrsatkichlarni pasayishiga xizmat qiladi.
Shahnoza Mavlonova,
tibbiyot fanlari doktori, professor,
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya
ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriya mudiri