COVID-19 bo‘yicha eng so‘nggi xabarlar
O‘n milliarderning puli barchani emlash uchun yetadi
Pandemiya davrida o‘z boyligini yaxshigina oshirib olgan o‘n nafar eng yirik milliarderning puli bir joyga to‘plansa, butun dunyoni vaksina bilan ta’minlasa bo‘ladi, deya bayonot berdi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Britaniyaning nodavlat tashkiloti – “Oxfam” ma’ruzasida ta’kidlanishicha, pandemiya keltirgan inqiroz tufayli yanada boyib ketgan eng yirik o‘n milliarderning puli kishilarni epidemiya natijasida qashshoqlikka yuz tutish ehtimolidan saqlagan bo‘lardi", – dedi Guterrish.
Uning ta’kidlashicha, bu miqdor “sayyoramizdagi barcha odamlarni COVID-19ga qarshi emlash uchun yetarli bo‘lardi”.
JSST: Afrikada COVID-19 tarqalishi dahshatli tus olishi mumkin
Afrikada COVID-19 ga chalinganlar va mazkur kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumganlar soni juda tez ko‘paymoqda. Koronavirusning yangi turi esa borgan sari ko‘proq mamlakatga yoyilmoqda. Bu holat virus tarqalishining ikkinchi to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi JSST mutaxassislari.
Ilk bor Janubiy Afrika Respublikasida qayd qilingan shtamm Afrikaning boshqa mamlakatlarini ham rekord darajada tez zabt etmoqda.
O‘tgan to‘rt hafta davomida, ya’ni 29 dekabrdan 25 yanvargacha kasallanganlar soni avvalgi oyga nisbatan 50 foiz ortgan.
Yana bir mutatsiya
Bu – 501.V2 shtammi bo‘lib, JARda oktyabr oyida aniqlangan. Kasallikni nazorat qilish, virus ko‘payishining oldini olish bo‘yicha Yevropa markazi (ECDC) mutaxassislari fikricha, hozir koronavirusning ushbu turi JARda eng ko‘p tarqalayotgan kasallik bo‘lib turibdi.
Dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu shtamm ham Buyuk Britaniyada aniqlangani kabi juda tez yuquvchan.
2020 yil o‘limlar, fojealar, chorasizlik yili bo‘ldi!
“Koronavirus 2 million kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 500 million kishi shu xastalik oqibatida ish o‘rnini yo‘qotdi, tabiiy ofat insoniyatga 210 milliard dollarlik ziyon keltirdi. 2021 yil dunyoni tiklash davri bo‘lishi lozim”, dedi BMT rahbari Antoniu Guterrish.
"2020 yil global miqyosda “annus horribilis” (lotin tilida “dahshatli yil” ma’nosini beradi) yili bo‘ldi. Insoniyat dahshatli o‘lim, fojea va chorasizlik bilan yuzma-yuz keldi. COVID-19 pandemiyasi mamlakatlarni, iqtisodiyotni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Qurbonlar soni oshishda davom etmoqda", – dedi Guterrish Bosh assambleya qarshisida so‘zga chiqib.
Mulozimning ta’kidlashicha, dunyoda tengsizlik ortib, ocharchilik kuchaymoqda.
"Biz tabiatga qarshi urush ochdik va tabiat ham javob zarbasini beryapti. Iqlim inqirozi avj olyapti. O‘tgan yili tabiiy ofat insoniyatga 210 milliard dollarlik zarar keltirdi va qancha-qancha insonlar hayotdan ko‘z yumdi. Inchunin, geosiyosiy keskinlik tinchlik yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatimizni yo‘qqa chiqarmoqda. 2020 yil odamlarning o‘z uylarini tashlab, boshqa xavfsiz joylarga ko‘chishi holati ham kuchaydi, dedi Bosh kotib.
Qolaversa, yadroviy va kimyoviy qurol tarqalishi xavfi ortishi munosabati bilan Guterrish xalqaro hamjamiyatni 2021 yilda dunyoni qayta tiklashga chaqirdi.
Koronavirus pandemiyasining biz bilmagan jihatlari yuzaga chiqmoqda
JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening ta’kidlashicha, vaksina paydo bo‘lgandan keyin pandemiyaning biz kutmagan jihatlari paydo bo‘la boshlagan.
Uning aytishicha, COVID-19 ga qarshi ishlab chiqarilayotgan turli vaksinalar pandemiya nihoyasiga umid uyg‘otadi, biroq yanada yuquvchan shtammlar paydo bo‘lishi olimlarni xavotirga solmoqda.
Koronavirusning mutatsiyalashgan varianti Yevropaning 49 mamlakatida qayd etildi. Mintaqaning 33 davlatida koronavirusning "britancha" ko‘rinishi, 16 mamlakatida esa “Janubiy Afrika" varianti aniqlangan.
Braziliyada bir yo‘la ikkita shtamm bilan kasallangan bemor qayd etildi
Braziliyaning kompyuter fanlari bo‘yicha Milliy laboratoriyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ikki bemorda SARS-CoV-2ning turli genealogik yo‘nalishi patogeni aniqlangan. Virusning biri JARda aniqlangan E484K turi bo‘lib chiqdi.
Ikkala shtamm bilan ham kasallanganiga qaramay, bemorlarda xastalik yengil kechyapti. Olimlarning ta’kidlashicha, ular kasalxonaga yotqizilmagan.
Tadqiqotlar Riu-Grandi-du-Sul shtatida koronavirusning bir yo‘la beshta shtammi kezib yurganini ko‘rsatdi.
Kanadada er-xotin navbatda turmay emlangani uchun sud qilinadi
Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi Yukon hududida koronavirusga qarshi emlanish uchun navbatda turmay Vankuverga uchib kelgan er-xotin endi sud oldida javob beradi, deydi “Global News” telekanali muxbiri.
Rod Beyker va uning rafiqasi Yekaterina Beyker Vankuverda “Moderna” vaksinasini navbatda turib olishi kerak edi. Juftlik navbatsiz vaksina olish uchun o‘zlarini, go‘yo, hayotiy zarur soha xodimi qilib ko‘rsatgan. Ular, hatto, ikki haftalik karantin tartibiga ham amal qilmagan.
Tartibbuzarlar allaqachon jarimaga tortilgan. Endi ular olti oyga qamalishi ham mumkin.
Koronavirusning "Janubiy Afrika” shakli AQSHda ham aniqlandi
Koronavirusning "Janubiy Afrika" varianti paydo bo‘lgani haqda ilk bor AQSHning Janubiy Karolina shtati Sog‘liqni saqlash va atrof muhitni nazorat qilish departamenti ma’lum qildi.
Virus yuqtirgan shaxsning nomi va u yaqin orada qayerga safar qilgani oshkor etilmayapti.
Koronavirusdan tabiiy himoyachi topildi
O‘pkada ishlab chiqiladigan melatonin garmoni koronavirusga qarshi to‘siq bo‘lib xizmat qilarkan. Braziliyaning San-Paulu universiteti olimlari shunday xulosaga kelishdi, deb yozadi “Melatonin Research” jurnali.
Olimlar izohicha, melatonin oqsillarni kodlaydigan genlarning virus kiradigan nuqtalardagi ekspressiyasini bartaraf etadi. Shu orqali garmon to‘qimalarning infeksiyaga uchrashini bartaraf etadi. Natijada virus nafas olish yo‘lida bir necha kun turib, so‘ng boshqa tashuvchini topish uchun chiqib ketadi.
Tadqiqot mualliflari fikricha, bu ixtiro ayrimlar nega koronavirusga chalinmasligi va yoki boshqa yana kimdir virus yuqtirgani tasdiqlangan bo‘lsa ham xastalikni belgisiz o‘tkazishi sababini tushunishga yordam beradi. Bundan tashqari melatoninni burunga tomchilatish yoki purkagich yordamida yuborish bilan COVID-19 rivojlanishini to‘xtatishda foydalansa ham bo‘lar ekan.
Niderlandiyaliklar cheklovlarga chiday olmayapti
Niderlandiyada COVID-19 bo‘yicha cheklovlar joriy qilingani va qator shaharlarda komendantlik soati davom etayotganiga qarshi bir necha kundan buyon ommaviy chiqishlar davom etmoqda. Ommaviy axborot vositalari yozishicha, politsiyachilar Xarlem va Rotterdamda namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.
Tartibsizliklar Amersfort va Xertogenbosda ham kuzatilyapti.
JSSTning Uxanga kelgan ekspertlari karantindan chiqdi
COVID-19 koronavirusi kelib chiqishi sabablarini o‘rganish uchun 14 yanvar kuni Xitoyning Uxan shahriga kelgan va o‘sha kuniyoq 14 kunlik majburiy karantinga olingan JSST xalqaro ekspertlari karantindan chiqishdi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan ma’lum qildi.
Xabarda JSST ekspertlari karantin davrida ham xitoylik hamkasblari bilan faol ravishda ma’lumot almashishgani aytilgan.
Ekspertlar ta’kidlashicha, ayni payt virus manbasini topish emas, balki oraliq halqani aniqlash muhimroq. Zero, Yaqin Sharq respiratorli sindromining ham manbasi haligacha ma’lum emas. Muammoni bartaraf etish uchun oraliq zanjirni aniqlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Internet materiallari asosida
Saidmurod RAHIMOV tayyorladi.
O‘zA