“Chxusok”— an’ana, san’at va do‘stlik bayrami (+Video)
Kuz kelishi bilan Koreys xalqi o‘zining milliy bayramlaridan birini intiqlik kutadi. Bu — Chxusok.
Oila a’zolari bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, o‘tganlarni yod etadi, bor ne’matga shukr qiladi, bir-biriga ezgu tilaklar bildiradigan kun. Koreya madaniyati va san’ati saroyi binosida tashkil etilgan “Chxusok-2026” bayrami bu yil ham o‘zgacha nishonlandi.
Bu yerda kun davomida Koreys xalqi an’analari, milliy san’ati va taomlari namoyish etildi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus vakillari, milliy madaniy markazlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tabriklardan so‘ng saroy sahnasida bayramning eng rang-barang qismi boshlandi. O‘zbek va koreys milliy kuy-qo‘shiqlari yangradi. Milliy raqslar, badiiy kompozitsiyalar va illyuzion chiqishlar namoyish etildi. Tomoshabinlar uchun koreys milliy taomlaridan tortib, an’anaviy liboslar va rassomlar asarlarigacha bo‘lgan turli ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Kattalar va bolalar esa ijodiy master-klasslarda ishtirok etib, koreys madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Milliy o‘yinlar esa bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Kun yakunida yoshlar sahnaga chiqdi. “K-pop Dans” tanlovi doirasidagi chiqishlar ayniqsa yosh avlodning koreys madaniyati va zamonaviy san’atiga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Bugun O‘zbekistonda 180 mingdan ortiq koreys millati vakili istiqomat qiladi. Ular o‘z milliy tili, madaniyati va an’analarini asrab kelmoqda.
1991-yil 18-iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasi hozir mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 22 ta markaz ishini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Chxusokning ma’nosi esa bir kunlik bayram bilan cheklanmaydi. U — oilani qadrlash, kattalarni e’zozlash, o‘tmishni unutmaslik va borini qadrlash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan qadriyat.
Shu ma’noda, Toshkentdagi bayram nafaqat koreys xalqining milliy an’analarini namoyish etdi. U turli madaniyatlar bir-birini boyitib, bir yurtda hamjihat yashashi mumkinligining yana bir jonli ko‘rinishi bo‘ldi.
[gallery-https://youtu.be/dKVmjgLPzyw]
N. Rahmonova, A. Ahmedov (montaj), O‘zA