Chorvachilik– yetti xazinaning biri
Yurtimizda chorvachilikni yanada rivojlantirish, jumladan, sohada nasldorlik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, seleksiya-naslchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, naslli mayda va yirik shoxli mollarni to‘g‘ri parvarishlash, ularning nasl sofligini saqlab qolish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahridagi “Abbos Elyor Muhriddin” MCHJ 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2000 gektarga yaqin yaylov maydoni mavjud. 5 kishining bandligi ta’minlangan MCHJ chorvachilik yo‘nalishida faoliyat olib boradi.
– Bugungi kunda jamiyatimizda 1000 ta qo‘y, 20 ta ot, 40 ta sigir, 5 ta tuya parvarishlanmoqda, – deydi jamiyat rahbari Abbos Aminov. – Har yili 2 tonnadan ziyod go‘sht, 2 tonnadan ziyod jun sotamiz. Otlarimiz qorabayir zotidan. Uloq- ko‘pkari musobaqalarida faol ishtirok etamiz 2021 yilda chavandozimiz Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Hosil bayrami”da Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritgan edi. Chavandozlarimiz boshqa ko‘pkari musobaqalarida ham turli xil sovrinlarga ega chiqishadi.
[gallery-17849]
To‘g‘ri, kimdir cho‘ponlik oson kasb, qo‘ylarning orqasidan yurib, xabar olib turilsa bas, deb o‘ylaydi. Aslida bu kasbning o‘z qiyinchiliklari bor. Yozning jaziramasi-yu, qishning qahratonida qo‘ylarni parvarishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Ularning suvi va ozuqasidan o‘z vaqtida xabar olib turilmasa, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Farhod Karimov mana besh yildirki, bosh cho‘ponlik qilib keladi. Unga bu kasb ajdodlardan o‘tib kelmoqda.
– Cho‘ponlik kasbi bizga bobomeros ish. Men to‘rtinchi avlodman, – deydi F. Karimov. – Otarimizda 1000 ta mayda shoxli mol bo‘lib, uning 700 boshi ona sovliq. Qishlovga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rganimiz bois, qishlovdan yaxshi chiqdik. Joriy yil tul mavsumini ham namunali yakunladik. Qo‘ylarimiz soni yil sayin ko‘paymoqda. Bu yil bahor mavsumi har yilgidan-da seryog‘in keldi. Yaylovimizda o‘t-o‘lanlar ko‘p. Bu esa chorva mollarimiz uchun ayni muddao. Yaylovda o‘t-o‘lan ko‘p bo‘lsa, cho‘ponning “omadi kelgani shu”.
Albatta, chorvadorlarimizning aholi va bozorlarimizni go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlashda alohida o‘rni bor. Ular tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, narx-navo arzonlashadi va dasturxonlarimiz to‘kinligi ortaveradi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari