Chorvachilik jadal rivojlantiriladi
Prezident topshirig‘i amalda
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Namangan viloyatining Pop tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining bandligini ta’minlash va daromadini oshirish maqsadida 5 ming bosh echki va 10 ming bosh zotdor qo‘y olib kelinadi.
Bu haqida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovning Pop tumanining olis va tog‘li hududlari sanalgan Chorkesar, Madaniyat, Bunyodkor, Imon ota mahallalarida chorvachilikni rivojlantirish borasida aholi va mas’ullar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
[gallery-19361]
Jarayonda tegishli mutasaddilar tomonidan ham tabiati, ham sharoiti qulay bo‘lgan ushbu hududlarda aholi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit asosida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi. Bu orqali hududdagi 1,5 ming xonadonda chorvani ko‘paytirish, echkichilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlari olib boriladi.
– Chorkesar va Madaniyat qishloqlarining angor echkilari-yu jun mahsulotlari dovrug‘i dunyoga ketgan, – dedi muloqotda viloyat rahbari. – Bu ezgu an’analarni tiklaydigan vaqt keldi. Namanganda echkichilikni sanoat darajasiga olib chiqish uchun jiddiy harakat boshlaganmiz.
Viloyat hokimi boshchiligidagi Ishchi guruh o‘rganishlarida Madaniyat mahallasida yashovchi Saboxon aya Mirzaabdullayeva xonadonida bo‘ldi.
Echki tivitidan to‘qilayotgan kiyim-kechaklarga talab katta. Ko‘pdan buyon jun mahsulotlaridan kiyim-kechak to‘qib, daromad topayotgan tog‘li xonadon sohibasi o‘z mehnati bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi.
Ayaning aytishicha, har bir to‘qigan mahsulotning donasidan 100 ming so‘m daromad qoladi, mahalladoshlar bilan kuniga o‘ndan ortiq mahsulot tayyorlanadi. Eng asosiysi, bu ish mavsum tanlamaydi, doimiy xaridorgir.
Viloyat hokimi qo‘y-echkilar sonini keskin ko‘paytirib, jundan mahsulot to‘qib, daromad topishni ommalashtirish, shu bilan birgalikda, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.