Chortoqsoy sohilida yangi shifoxona
Namangan viloyatining Chortoq tumanida yangi shifo maskani – “Shifo madad” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida yangi shifo maskani – “Shifo madad” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ishbilarmon yurtdoshlarimizni iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlari, xususan, ijtimoiy sohalarda ham el-yurt manfaatiga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirishga undamoqda. Jumladan, joylarda foydalanilmayotgan, bo‘sh va qarovsiz holda yotgan bino va inshootlarning tashabbuskor, salohiyatli tadbirkorlarga imtiyozli shartlar asosida berilayotgani hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, obod qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
“Shifo madad” tashxis va davolash muassasasi ham ana shunday imkoniyat samarasidir. Tadbirkor Malikjon Usmonov va shifokor Tohirjon Mo‘minov tomonidan Chortoqsoy sohilidagi ikki qavatli foydalanilmayotgan ma’muriy bino ijara shartnomasi asosida olinib, 360 million so‘mlikdan ziyod rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Xorijdan 320 million so‘mlik eng zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar keltirilib, muassasada sog‘liqni saqlash tizimi me’yoriy standarti talablariga to‘la javob beradigan sharoit yaratildi.
– Mazkur loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Chortoq tumani filialidan olingan 300 million so‘mlik kredit mablag‘i qo‘l keldi, – deydi bosh shifokor Tohirjon Mo‘minov. – Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, shifoxona faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Yangi shifoxona o‘z faoliyatini “Sog‘lom kelajak uchun” xayriya aksiyasi bilan boshladi. Tadbirda tumandagi 24-maktabgacha ta’lim muassasasi kichkintoylari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Qirq o‘ringa mo‘ljallangan yangi shifo maskanida xorijning yetakchi firmalarida ishlab chiqarilgan klinik va bioximik laboratoriyalar, avtomat analizatorlar, IFA, UZI-dopler kabi zamonaviy apparatlar yordamida asab tizimi, urologiya va ichki kasalliklar bo‘yicha aniq tashxis qo‘yish va bemorlarni statsionar tartibda davolash ishlari boshlandi. 11 nafar shifokor, 14 malakali hamshira xizmatidan davolanuvchilar mamnun.
Yangi shifo maskani ishga tushirilishi bilan 50 ish o‘rni yaratildi. E’tiborlisi, ularning o‘n nafari o‘tgan yili kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.