"Chorsu "bozoridagi gumbazlar xavf ostida...mi?
Ijtimoy tarmoqlarda poytaxtimizdagi "Chorsu" bozorida o‘tkazilayotgan rekonstruksiya ishlari natijasida gumbazlardan biri buzib tashlanishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar jamoatchilik o‘rtasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni taqdim etdi.
"Chorsu" dehqon bozori Toshkent shahri Olmazor tumani Navoiy ko‘chasida joylashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Chorsu” qadimiy so‘z bo‘lib, dastlab zardushtiylarning kitobi “Avesto”da “chovurchuq” (“to‘rt tomonlama”) shaklida uchraydi va “bozor” ma’nosini anglatadi. Keyinchalik bu so‘z “chahorsu” va nihoyat “chorsu” shaklini olgan, “chorsu” deganda “gumbazli bozor” tushunilgan.

Mazkur bozor Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismlaridan biri hisoblangan, uning hududida bir nechta madaniy qatlam mavjud.
Ushbu qatlamlarning tarixiy ahamiyatini o‘rganish uchun arxeologik ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Xo‘sh, mazkur bozor hududi Madaniy meros ob’ekti sirasiga kiradimi?
“Chorsu" dehqon bozori shubhasiz madaniy meros ob’ekti sanaladi.

Mutassislarning so‘zlariga ko‘ra, bozorning tarixiy darvozasi o‘z davrida bir qator rassomlarning asarlarida tasvirlangan.
Nafaqat bozor, balki uning atrofidagi ba’zi binolar ham Madaniy meros ob’ekti sanaladi.
Jumladan, “Chorsu" dehqon bozoridagi yettita gumbaz ham Madaniy meros ob’ekti sifatida baholanadi. Aynan shu sababga ko‘ra Madaniy meros agentligi tomonidan bozorni rekonstruksiya qilish bo‘yicha birinchi loyiha rad etilgan.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, Agentlik ushbu gumbazlarning tarixiy ahamiyati saqlanib qolishi lozimligini qat’iy talab qilishi mumkin.
“Chorsu" dehqon bozori savdo hududi bo‘lib, bugungi kunga kelib unda zamonaviy talablar asosida infrastruktura va qulaylik yaratish zarurati yuzaga kelgan.
Ayni vaqtda gumbazlar ostidagi savdo rastalaridagi holat sanitariya talablariga to‘liq javob bermaydi. Yoritish, tozalik, havo tozaligi, texnik va yong‘in xavfsizligi masalalarida muammolar mavjud.
"Chorsu "dehqon bozoridagi yettita gumbaz Toshkent shahrining ramzlaridan biriga aylangan.
Shu sababli, xorijlik va mahalliy sayyohlar mazkur bozor va gumbazlar tarixiga katta qiziqish bildirgan
Bozorning talabgirligini oshirish va unda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun rekonstruksiya qilishga ehtiyoj yuzaga kelgan. Ammo bu ishlarning barchasi Madaniy meros agentligi nazorati va ruxsati asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiya davomida yettita gumbazning tarixiy qiymatiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Gumbazlarga qo‘shimcha jihozlar o‘rnatish, uning ustini qoplash, naqshlarini o‘zgartirish, zamonaviy bezak kiritish kabi barcha ishlar faqatgina Madaniy meros agentligi ruxsati asosida amalga oshiriladi.
O‘zA