Chor-atrof chiqindilardan tozalandi
FOTOREPORTAJ
Jizzax shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda viloyat boshqarmasi tomonidan Navro‘z umumxalq bayrami oldidan plogging aksiyasi tashkil etildi.
Tadbir shahar markazidagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Tog‘ yo‘li ko‘chasida tashkil qilinib, unda viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasining eko-volontyorlari, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi, “Eko-sfera” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Yosh ekologlar” harakati kengashining ko‘ngillari ishtirok etdi.
[gallery-22200]
– Aksiya aholi va jamoat vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, barchani bir maqsad yo‘lida birlashtirdi, - deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri kotibiyat rahbari O‘tkir Jumanov. – Yig‘ilganlar ko‘cha yoqalarida to‘planib qolgan chiqindilarni tozalab, kelgusida yana shu holatga kelib qolmasligi uchun yaqin bo‘lgan xonadon egalarini atrof-muhitni asrashda faol bo‘lishlikka chaqirdi.
Jami 300 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan plogging aksiyasida ishtirokchilarga zaruriy ashyolar, yelim qop va qo‘lqoplar, futbolka, bosh kiyim, eko-sumka, shuningdek, antiseptik vositalar tarqatildi.
Tog‘ yo‘li yoqasida to‘plangan turli chiqindilar terib olindi. Shuningdek, mazkur tadbirga jalb etilgan 11 ta maxsus transport vositasi yordamida noqonuniy joylashtirilgan qurilish chiqindilari va boshqa qattiq maishiy chiqindilar bartaraf etildi.
Kelgusida bu kabi xayrli tashabbuslarni viloyatning turli nuqtalarida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA