Chon Txi XAO: O‘zbekiston mening ham Vatanim!
Bir paytlar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida uch yarim mingdan ziyod vetnamlik talaba tahsil olib, mutaxassislik diplomiga ega bo‘lgan. Ularning aksariyati o‘qishni tugatgach, yurti ravnaqiga hissa qo‘shgan. Shu bois vetnamliklar o‘z davlati rivojlanishida O‘zbekistonning ham xizmati bisyorligini e’tirof etishadi. Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayni jihatlar qayd etildi.
Vetnam delegatsiyasi a’zolari bilan kechgan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi, jumladan, oliy ta’lim sohasidagi aloqa tarixi uzoq o‘tmishga taqalishi aytildi.
– Yoshligimning eng go‘zal – talabalik davri O‘zbekistonda kechgan, – deydi delegatsiya rahbari Chon Txi Xao xonim. – Oradan ko‘p yil o‘tdi. O‘zbekiston tanib bo‘lmas darajada o‘zgaribdi, faqat o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mehribonligi o‘sha-o‘sha. Iqtisodiyot sohasida o‘qib, ko‘p yil mas’uliyatli lavozimlarda ishladim. Hayotda o‘rnimni topishim, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishimda yurtingizning o‘rni beqiyos. Demak, O‘zbekiston mening ham Vatanim!
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va ilm-fan sohalarda yaxshi aloqa o‘rnatilgan. O‘zaro madaniyat kunlari, san’at haftaliklari o‘tkazilib, turli uchrashuv, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
[gallery-13635]
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqani, ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlash zarurligi uqtirildi. Davlatlarimiz o‘rtasida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohaza bildirildi.
Vetnam so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sanaladi. Ushbu mamlakatning turizm, qishloq xo‘jaligi sohalari ilg‘or tajribasi mamlakatimizda ham o‘zlashtirilmoqda. Mutaxassislarimiz muntazam ravishda o‘zaro tajriba almashib, malaka oshiradi. Masalan, paxtachilik, poliz mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA