Cho‘l qo‘ynidagi yashil kelajak
Bugun butun dunyoda ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. O‘zbekistonda ham “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholini barqaror energiya manbalari bilan ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday istiqbolli loyihalardan biri Buxoro viloyatining cho‘l hududida qad rostlamoqda.
Buxoro viloyati Peshku tumani cho‘l hududida viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi mutaxassislari hamda xalqaro energetika sohasidagi yirik investorlardan biri bo‘lgan ACWA Power kompaniyasi vakillari ishtirokida muhim uchrashuv tashkil etildi. Unda shamol elektr stansiyasi qurilishi va mazkur loyihadan Qorako‘l tumani elektr tarmog‘iga tortiladigan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Mutasaddilar tomonidan loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan hududning ekologik holati chuqur tahlil qilinib, atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirlarni kamaytirish choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, biologik xilma-xillikni asrash, cho‘l ekotizimini muhofaza qilish, yer resurslaridan samarali foydalanish, atmosfera havosining tozaligini saqlash hamda qurilish va ekspluatatsiya jarayonlarida ekologik qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalari uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshiradi, balki hududning energetik xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, shamol energiyasidan foydalanish orqali atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmi sezilarli darajada qisqaradi. Bu esa mamlakatimizda uglerod chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish borasida qabul qilingan strategik maqsadlarga erishishga munosib hissa qo‘shadi.
Uchrashuv davomida shamol elektr stansiyasi va unga tutash elektr uzatish liniyalarining ekologik hamda ijtimoiy ta’sirini baholash ishlari xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida amalga oshirilishi alohida qayd etildi. Bu esa loyihaning nafaqat iqtisodiy samaradorligi, balki ekologik xavfsizligi ham yuqori darajada ta’minlanishini anglatadi.
Mutaxassislar fikricha, cho‘l hududlarining tabiiy shamol salohiyatidan samarali foydalanish kelgusida Buxoro viloyatini qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yetakchi hududlardan biriga aylantirishi mumkin. Bunday yirik investitsiya loyihalari yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy amal qilish, manfaatdor tomonlar bilan ochiq muloqot va hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, ekologik monitoring tadbirlarini muntazam tashkil etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xulosa qilib aytganda, Peshkuning keng cho‘l bag‘rida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyiha mamlakatimiz energetika sohasidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Tabiat va taraqqiyot manfaatlarini uyg‘unlashtirgan bu tashabbus nafaqat bugungi kun ehtiyojlariga javob beradi, balki kelajak avlodlar uchun ham musaffo atrof-muhit va barqaror energetik tizim yaratishga xizmat qiladi. Cho‘l bag‘rida aylanayotgan ulkan shamol parraklari yaqin yillarda Buxoro osmonida “yashil kelajak” ramzi sifatida namoyon bo‘lishi hech gap emas.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri