Chodakda turizm majmuasi barpo etilmoqda
Namangan viloyatida ham bu boradagi saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda.
Tarixi, madaniyati, tabiati, iqlimi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari jihatidan mamlakatimizni xalqaro sayyohlikning jozibador manzillaridan biriga aylantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda turizm industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan koʻplab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyatida ham bu boradagi saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Pop tumanining togʻlar orasida joylashgan Chodak qishlogʻi musaffo havosi, betakror tabiati bilan dovrugʻ taratgan goʻshalardan. Bu yerda har yili yoz faslida minglab kishilar soʻlim tabiat bilan hamnafas hordiq chiqaradi. Faqat shu paytgacha dam oluvchilar uchun mahalliy aholi, kichik xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar bilan kifoyalanib kelishga majbur edi.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor viloyatning koʻplab sayyohlik manzillari qatori Chodakda ham zamonaviy turizm infratuzilmasini barpo etish imkoniyatlari ochdi, bu borada salohiyatli tadbirkorlar tomonidan yirik loyihalarga kirishildi.
“Apart Hotel Kosmos" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy mehmonxona va dam olish maskani bunyod etish loyihasi shu jumladandir. Ayni paytda loyiha qiymati 800 ming dollarga teng loyiha asosida ikki gektar maydonda 120 oʻrinli dam olish maskani qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Eʼtiborlisi, loyihaga 400 ming dollar chet el investitsiyasi jalb etilgan, qolgani tashabbuskorning sarmoyasi hisobidan moliyalashtirilmoqda. Loyiha amalga oshirilishi bilan 50 ta ish oʻrni yaratiladi.
Rossiyalik hamkor – “Stroy lider” kompaniyasi rahbari D. Toʻraxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, turizm industriyasini rivojlantirish muayyan hududda aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan daromadli biznesdir. Kompaniya mijozlarga nafaqat turar joy va ovqatlanish imkoniyatlarini, balki transport, aloqa, diqqatga sazovor tabiat goʻshalari va ajoyibotlar, tibbiy, sport xizmatlari, goʻzallik salonlari va boshqalarni ham taklif etadi.
Ushbu majmua tarkibidagi osma yoʻl, havo shari, kichik oʻrmon, binolar tomidagi kuzatuv-tomosha maydonchalari, sunʼiy gʻorlar, suzish havzalari, fitobar, trenajyor zali, restoran, kafe, avtoturargoh, ekskursiya xizmatlari sohasida koʻplab ish oʻrinlari yaratilishi mahalliy aholining turmush farovonligi va madaniyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Majmua bunyodkorligida bugungi kunga qadar 200 ming dollar miqdorida bevosita tashqi investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilib, maʼmuriy bino va basseyn bitkazilmoqda, hududni chegaralovchi devor, tashrif buyuruvchilar uchun maxsus maydonchalar va asosiy inshootlar qurilishi davom ettirilmoqda.
Dam olish maskanini joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda atrofda uy-joylar, bolalar bogʻchasi va boshqa koʻplab xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etiladi.