Chiqindidan biogaz va energiya ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo tumanidagi “Sulton” fermer xo‘jaligida chorvachilikni zamonaviy rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi loyiha amalga oshiriladi. Xo‘jalikda hayvon chiqindilarini qayta ishlash orqali biogaz va muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda fermer xo‘jaligi rahbari Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning xo‘jalikka tashrifi davomida ma’lum qildi. Tashrif chog‘ida chorvachilik kompleksidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi, mavjud infratuzilma holati ko‘zdan kechirildi hamda soha mutaxassislari bilan muloqot o‘tkazildi.


Muhokamalarda qayd etilishicha, biogaz texnologiyasini joriy etish orqali xo‘jalikda hosil bo‘ladigan organik chiqindilar foydasiz mahsulot sifatida emas, balki qimmatli resurs sifatida qayta ishlanadi. Natijada ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan energiyaning bir qismi ichki manbalar hisobidan qoplanadi.
Viloyat hokimi mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, fermer xo‘jaliklarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ayniqsa, chiqindilarni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish yo‘nalishini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, sohada ilmiy yondashuv va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.


Mutaxassislar fikricha, biogaz qurilmasining ishga tushirilishi “Sulton” fermer xo‘jaligida nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik yuklamani kamaytirish, chiqindilarni zararsizlantirish va “yashil energiya” manbalarini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri