Chiptasiz yo‘lovchilarga qariyb 2 milliard so‘m jarima qo‘llanildi
Toshkentda joriy yil boshidan buyon chiptasiz harakatlangan 79,6 mingdan ortiq yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Jamoat transporti tizimining barqaror va uzluksiz faoliyat yuritishi ko‘p jihatdan yo‘lkira tushumlariga bog‘liq. Har bir yo‘lovchining belgilangan tartibda va o‘z vaqtida yo‘l haqini to‘lashi avtobuslar harakatining muntazamligini ta’minlash, xizmat sifati va yo‘lovchilar uchun yaratilayotgan qulayliklarni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan jamoat transportida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan muntazam nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasi 5-qismiga asosan 79 ming 618 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Qonunchilikka muvofiq, har bir huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi, ya’ni 41 ming 200 so‘m miqdorida jarima belgilangan. Natijada yil boshidan buyon chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilardan undirilgan jarimalarning umumiy miqdori qariyb 2 milliard so‘mni tashkil etdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, har bir to‘langan yo‘l haqi jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish, avtobuslar sonini ko‘paytirish, harakat muntazamligini ta’minlash va xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bois, yo‘lovchilardan elektron to‘lov vositalari yoki mavjud tartib asosida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash, transportdan foydalanish madaniyatiga amal qilish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yo‘l haqini vaqtida to‘lash — jarima to‘lashdan ko‘ra manfaatliroq. Har bir to‘langan yo‘l haqi jamoat transporti rivojiga qo‘shilgan munosib hissa.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA