Chin diyori haqida nimalarni bilamiz?
Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishi sifatida baholanayotgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi tashabbuskori sifatida Xitoy e’tirof etiladi.
Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishi sifatida baholanayotgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi tashabbuskori sifatida Xitoy e’tirof etiladi. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyoning 60 davlatini qamrab olgan.
Iqtisodiy rivojlanish borasida dunyoda yetakchi davlatlar qatorida qayd etiladigan Xitoy bilan O‘zbekiston hamkorligi o‘zaro ishonch ruhida tobora rivojlanib bormoqda. Bu esa ushbu mamlakat taraqqiyotining muhim omillari va yutuqlari bilan yaqindan tanishish va ilg‘or tajribani ommalashtirish uchun ham muhim zamindir.
Ushbu maqolada Xitoyning rivojlanish tarixi, iqtisodiyoti va jamiyat taraqqiyotining turli yo‘nalishlari haqida to‘xtalamiz:
Chin diyori iqtisodiyoti va transport-kommunikatsiyalari

XX asrning 80-yillarida Xitoyda mamlakatni markazlashtirilgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishga kirishildi. Dastlab qishloq xo‘jaligida kollektivlashtirishdan fermerlik tizimiga o‘tildi. Boisi o‘sha kezlarda Xitoy yalpi milliy mahsulotidagi qishloq xo‘jaligining ulushi 30 foizni tashkil qilardi.
Xitoyda metallurgiya, mashinasozlik, ko‘mir qazib olish, neft qazib chiqarish, to‘qimachilik, kimyo, harbiy sanoat rivojlangan. Mamlakatning asosiy savdo hamkorlari Yaponiya, AQSh, Rossiya, Tayvan, Germaniya kabi davlatlardir.
Mamlakat temir yo‘llarining umumiy uzunligi taxminan 103,1 ming kilometrni avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 4,1 million kilometrni tashkil qiladi. Asosiy portlari Guanjou, Dalyan, sindao, Shanxay hisoblanadi.
Tabiiy resurslarga boy mamlakat

Xitoy xilma-xil tabiiy resurslarga juda boy. Toshko‘mir, temir va marganes rudalari, boksit va polimetallar, surma, volfram, molibden, qalayi kabi mineral xomashyolar bilan jahonda eng yaxshi ta’minlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Daryolar gidroenergetika resurslariga nihoyatda boy, bunday quvvatlar hajmiga ko‘ra u dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Mamlakatning Shimoli-Sharqiy va Janubi-Sharqiy hududlarini esa bepoyon o‘rmonlar (mamlakat hududining 8 foizi o‘rmonlardan iborat) egallagan.
Iqlimi o‘ziga xos – dunyodagi eng baland, sovuq va qurg‘oqchil tog‘liklar bilan iliq va mo‘tadil iqlimli nam subtropik va tropik tabiatli hududlar yonma-yon joylashgan.
Chin aholi soni bo‘yicha dunyoda yetakchi

Xitoy – aholisining soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Hozirgi vaqtda Xitoyda Yer yuzi aholisining 20 foizga yaqini yashamoqda.
Aholisining milliy-etnik tarkibiga ko‘ra, Xitoyni bir vaqtning o‘zida ham ko‘p millatli, ham bir millatli mamlakatlar qatoriga kiritish mumkin. Xitoyda 60 dan ortiq turli millat va elat vakillari yashaydi. Bular uyg‘urlar, mo‘g‘ullar, tibetliklar, dunganlar, manjurlar va boshqalardir. Shu sababli Xitoy ko‘p millatli mamlakatlar qatorida turadi. Bir millatli mamlakat deyilishining sababi Xitoy aholisining 90 foiz dan ko‘prog‘ini xitoyliklar – xanlar tashkil qiladi.
Xitoy ta’lim tizimi

Aholining savodxonlik darajasi qishloq joylarda 1500 ieroglif, shahar hududida esa 2000 ieroglifni bilishi bilan belgilanadi. 1949-yilga qadar mamlakat aholisining 80 foizi savodsiz bo‘lgan. 2008-yilga kelib kattalar o‘rtasida bu ko‘rsatkich 3,5 foizga kamaydi. Hozirda Xitoy yoshlari (15-24 yoshlilar) ning 99 foizi harf taniydi.
Har yili mamlakat yalpi ichki mahsulotining 1,9 foizi ta’lim uchun yo‘naltiriladi. So‘nggi o‘n yillikda Xitoyda kollejlar soni ikki barobar, talabalar soni esa besh barobarga ortdi. Xitoy ta’lim tizimi esa Amerika ta’lim tizimi asosida tashkil etilgan. Xitoyda bolalarga ikki yoshidan boshlab ta’lim berila boshlanadi. Birinchi sinfning birinchi choragida o‘quvchi 400 ieroglifni tanishi shart. Xitoy fuqarosi boshlang‘ich ta’limga to‘qqiz yoshgacha qabul qilinishi mumkin. Xitoyda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining davomati mamlakat ta’lim vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
1980-yillarga qadar Xitoyda birorta xususiy maktab bo‘lmagan. Bugun ular soni 70 mingtaga yetgan. Ayni vaqtda maktab bitiruvchilarining 60 foizi oliy ta’lim muassasalariga ixtiyoriy hujjat topshiradi. Xitoyda 2000 dan ziyod oliy ta’lim muassasi (universitet va kollej) faoliyat ko‘rsatmoqda.