Chimkent ham endi karantinda
Qozogʻistonning Chimkent shahrida bugun 21.00 dan boshlab karantin holati eʼlon qilindi.
Qozogʻistonning Chimkent shahrida bugun 21.00 dan boshlab karantin holati eʼlon qilindi. Bu haqda shahar akimati saytida maʼlum qilingan.
Favqulodda holat paytida quyidagi chora-tadbirlar belgilangan:
1. Shahar Bosh sanitar shifokori qarorida koʻrsatilgan tashkilotlardan tashqari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har qanday tashkilotlar faoliyati toʻxtatildi. Jamoaviy hordiq maskanlari, jumladan xiyobonlar va koʻchalardagi bolalar oʻyin maydonchalari ishlamaydi.
2. Yuqorida qayd qilingan qarorda koʻrsatilgan shaxslar, tashkilotlardan tashqari har qanday turdagi transport vositalari uchun, fuqarolar ( shu jumladan piyodalar) uchun shaharga kirish va shahardan chiqish taqiqlandi.
3. Yoʻnalishli mikroavtobuslar harakati butunlay cheklandi, ular avtobuslar bilan almashtiriladi. Shahar jamoat transporti 07.00 dan 19.00 gacha ishlaydi.
4. Butun shahar hududi boʻylab dezinfeksiyaviy ishlov berish kuchaytiriladi.
5. Fuqarolar harakati butunlay toʻxtatildi. Bu chora toʻliq oʻz-oʻzini himoyalash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadini koʻzlaydi. Cheklov tibbiyot, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmat xodimlari va shahar faoliyatini taʼminlaydigan shaxslarga taalluqli emas.
Qolgan fuqarolar uylaridan faqat oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon xarid qilish, tibbiy xizmatlar qabul qilish, bank xizmatlaridan foydalanish uchungina chiqishlari mumkin.
Hozircha shaharda komendantlik holati joriy etilmagan.
Karantin tartibini buzgan shaxslarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari aniqlaydi.
6. Karantin holati va favqulodda vaziyat amal qilgan davrda shahar hududida yoshi 55 dan yuqori boʻlgan shaxslarga oʻta zarur holatlardagina koʻchaga chiqish tavsiya etiladi.
7. Qarorda koʻrsatib oʻtilgan barcha tashkilotlar masʼullari xodimlarni ish joyidan beriladigan maʼlumotnomalar bilan taʼminlashi shart.
8. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilinadigan bozorlar ish tartibi avvalgidek — 10.00 dan 18.00 gacha, aholi turar-joylariga yaqin joylashgan oziq-ovqat doʻkonlari 10.00 dan 21.00 gacha ishlaydi.
9. Barcha umumiy ovqatlanish nuqtalari 10.00 dan 22.00 gacha onlayn-buyurtmalar qabul qilish tartibi bilan uyga yetkazib berish rejimiga oʻtdi.
10. Shaharda shaxsiy avtotransportlar harakati taqiqlandi. Cheklov qarorda koʻrsatilgan tashkilotlarga tegishli, ishga borib kelishga majbur avtomobillar bundan mustasno. Buning uchun ularda ish joyidan maʼlumotnoma boʻlishi shart.
Bundan tashqari birinchi navbatda zarur boʻladigan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa mahsulotlar xarid qilish uchun uydan yoki ish joyidan yaqin masofada joylashgan doʻkonlar va dorixonalarga, shuningdek shoshilinch tarzda tibbiyot muassasalariga avtotransport vositasida borish mumkin.
Bundan avvalroq Chimkent shahriga avtomobilda kirib-chiqish taqiqlangan edi.