Chim mahallasida yashash va ishlash sharoitlari yaxshilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qamashi tumanidagi Chim mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va aholi bandligini ta’minlash choralari bilan tanishdi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida rivojlantirilayotgan Chimda 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi.


Infratuzilmani yangilashga 55 milliard so‘m yo‘naltirilib, 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 640 o‘rinli maktab, mahalla va yoshlar markazlari, istirohat bog‘i barpo etilgan. Shuningdek, 4,5 kilometr yo‘l qurilib, elektr ta’minoti va sug‘orish tarmoqlari yangilangan.
Davlatimiz rahbari mahalla markazidagi o‘yingohda bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi. Yoshlar kutubxonasida esa kitobxon yigit-qizlarning maqsad va intilishlari bilan qiziqdi.


Muloqotda Prezidentimiz O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva ijodini esladi. Tilga, milliy adabiyotga va ajdodlarimiz merosiga e’tibor ortib borayotganini qayd etdi.
– Bugun tilimizga, millatimizga va o‘zligimizga bo‘lgan ehtirom tobora yuksalmoqda. Odamlar yana kitob o‘qishga intilyapti. Ota-bobolarimizdan qolgan ma’naviy merosni qayta tiklayapmiz. Qamashining Chim mahallasida ham shunday ma’naviy muhit, shunday sharoitlar yaratilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.


Prezidentimiz oliy ta’lim imkoniyatlari kengaygani, bilimli va Vatanini sevadigan kadrlarni tayyorlash mamlakat kelajagi uchun zarurligini ta’kidladi.
– Ilgari 100 nafar yoshdan atigi 9 nafari oliy ta’limda o‘qigan bo‘lsa, bugun 45 nafari o‘qiyapti. Oliygohlarni tashkil etish, professor-o‘qituvchilarga sharoit yaratish katta mehnat talab qiladi. Lekin O‘zbekistonning kelajagi uchun milliy g‘ururi bor, Vatanni sevadigan kadrlar kerak. Men sizlarga ishonaman. Jonajon Vatanimiz, Qashqadaryo vohasining kelajagi sizlarning qo‘lingizda, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.


Chimda aholi daromadini oshirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilgan. Xotin-qizlar mehnat qilayotgan gilamchilik va kashtachilik korxonasiga 3,5 milliard so‘m sarmoya kiritilgan. Banklar ko‘magida 20 ga yaqin xonadonda umumiy maydoni 36 sotix bo‘lgan issiqxonalar tashkil etilgan, mahsulotlarni saqlash uchun 200 tonnalik muzlatkich qurilgan. Bu ishlar orqali 80 dan ortiq ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Shuningdek, kooperatsiya asosida limonchilik rivojlantirilmoqda. Aholiga ko‘chat, o‘g‘it va agrotexnik xizmatlar yetkazib beriladi, yetishtirilgan hosil kafolatlangan narxda sotib olinadi. Limon ko‘chatlari orasiga kartoshka, brokkoli va ko‘katlar ekilishi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan qo‘shimcha 14-16 million so‘m daromad olinmoqda.


Mahallada 70 ta tadbirkor faoliyatini kengaytirgan, yana 20 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan. Avtomagistral bo‘yidagi xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni 31 tadan 137 taga yetib, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Chim va unga qo‘shni mahallalardagi 1,2 mingta xonadon kooperatsiya asosida farmatsevtika va kosmetika sanoatida qo‘llaniladigan gulxayri o‘simligini yetishtirmoqda.
Tashrif yakunida Prezidentimiz mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular mahalladagi o‘zgarishlar haqida o‘z fikrlarini bildirib, yurt farovonligi va yoshlar kelajagi uchun duo qildilar.







