Chet tilini o‘rganishni istaysizmi?
Vazirlar Mahkamasi «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Ushbu qaror mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni yanada ommalashtirishga, sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga 15,0 mlrd. so‘m miqdordagi mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ushbu mablag‘lar dunyo bo‘yicha samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida joriy etish;
xorijiy davlatlarda chop etiladigan zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni, xalqaro testlar va ularni joriy qilish uchun tegishli ruxsatnoma va litsenziyalar, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan kontentlarni mualliflik huquqlarini xarid qilish;
xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, dasturiy ta’limot loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish;
xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratish;
fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etish kabi yo‘nalishlarga sarflanadi.
Agentlik tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda uzluksiz ta’lim tizimida chet tilini o‘qitishning o‘quv-metodik majmualarini o‘quvchilarning asosiy til ko‘nikmalarini (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) shakllantirish nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqadi. Malakali mutaxassislarni jalb etgan holda 2022 yil 1 martdan boshlab chet tili fani o‘qituvchilarining tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega bo‘lishlariga yo‘naltirilgan o‘quv kurslarini tashkil etadi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun zamonaviy til o‘rgatish metodikalari asosida ishlab chiqilgan chet tili darsliklarini to‘liq chop etish va ta’lim tashkilotlariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yadi.
2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv yurtlariga kirish uchun chet tilidan kasbiy ( ijodiy) imtihon topshiriladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zA