Cherepitsa va bruschatka ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Tadbirkor Gulchehra Xo‘jaboyeva rahbarlik qilayotgan “Mustanob-Hilol” mas’uliyati cheklangan jamiyatida turli plastmassa quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan bu yerda polimerdan cherepitsa va bruschatka ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirkor Gulchehra Xo‘jaboyeva rahbarlik qilayotgan “Mustanob-Hilol” mas’uliyati cheklangan jamiyatida turli plastmassa quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan bu yerda polimerdan cherepitsa va bruschatka ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.Nukus shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan ushbu korxonada mehnat qilayotgan 40 dan ortiq ishchining aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.
– Ishlab chiqarishga 71 million so‘mlik zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani yangi loyihani amalga oshirishda asosiy omil bo‘ldi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari G.Xo‘jaboyeva. – Polimer-qumdan ishlangan yangi mahsulot namga chidamli, chirimaydi va rangini yo‘qotmaydi. Shu bois unga qiziqish tobora ortmoqda.
Hududda mavjud korxonalarni yuqori texnologiyalarga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2016-2018-yillarda sanoat sohasida jami 671 loyihani amalga oshirish va 14 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yil oxiriga qadar qiymati 197,4 milliard so‘m va 400 ming dollar bo‘lgan 292 loyiha amalga oshiriladi.